Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nohaq mahkum etilgan Munavvarqori ozodlikka chiqqach uni qaysi qo‘shiq sadolari ostida kutib olishgan?
09:17 / 2025-03-31

Vatanimiz tarixidagi 31 mart sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1872 yil (bundan 153 yil oldin) – Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufman Abulqosim Firdavsiyning miniatyura bilan bezatilgan “Shohnoma” asarining qadimgi qo‘lyozma nusxalaridan birini Sankt-Peterburgdagi Imperator xalq kutubxonasi direktori Ivan Delyanovga yubordi. Shu yilning boshlarida Toshkentda imperiya ma’murlari mazkur nihoyatda noyob kitobning mavjudligini aniqlab, egasiga arzimagan pul berib, uni tortib olgan edilar. 

Imperator xalq kutubxonasi direktori 1872 yil 15 mayda Kaufmanga xat yozib, kutubxonaga sovg‘a qilgan Firdavsiyning “Shohnoma” asari qo‘lyozmasini olganligini xabar kdlgan va minnatdorchilik bildirgan. Shunday qilib, Turkistondagi Rossiya imperiyasi amaldorlarining zo‘ravonligi bilan Toshkentdagi “Shohnoma”ning qadimgi noyob qo‘lyozmalaridan biri Sankt-Peterburgga borib qoldi. Hozirda u Rossiya Milliy kutubxonasida saqlanmoqda.

1921 yil (bundan 104 yil oldin) – jadidchilik harakatining yo‘lboshchilaridan biri Munavvarqori Abdurashidxonov Buxorodan chaqirib olinib, Toshkentda kamoqqa tashlandi. U 8 oy davomida qamoqda bo‘ldi. Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxonovning qamoqqa olinishi juda katta noroziliklarni keltirib chiqardi. Bir qator namoyishlar tashkil etildi.

Xalqning otashin shoiri sifatida endigina tanila boshlagan Botu “Gulyor” she’rini bitdi. Bu she’r “Gulyor” xalq qo‘shig‘i ohangida yozilgan. Xalqona ohangga solingan she’r sodda tili bilan ko‘pchilikning e’tiborini qozondi. She’r ko‘plab taraqqiyparvar yoshlar va o‘quvchilar tomonidan yod olingan va yig‘lab kuylangan edi. Milliy istiqlolchilar 1921 yilda qamoqdan ozod qilingan Munavvarqorini shu qo‘shiqni aytib kutib olganlar:

Qush uyasi buzildi,

Ahd iplari uzildi,

O‘zga tuzuk tuzildi.

In buzilgach qush ketdi, 

Ahd iplari uzilgach,

Men yo‘qsildan es ketdi...

Sovet xukumati 1921 yil dekabr oyida Munavvarqorini ozodlikka chiqarishga majbur bo‘ldi. Sovet turmasidan og‘ir bir holda chiqqan Munavvarkori bir muddat davolanganidan so‘ng 1922 yil o‘rtalarida Toshkent shahriga kelib, Eski shahar ijtimoiy tarbiya bo‘limi mudiri vazifasida ish boshladi.

1922 yil (bundan 103 yil oldin) – Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Komitetining “Sanoat militsiyasi to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Qarorda sanoat militsiyasining vazifalari kengaytirilib, davlat militsiyasining maxsus bo‘limi sifatida faoliyat ko‘rsatishi hamda hududiy jihatdan u o‘sha shahar militsiya boshlig‘ining tasarrufida va qaramog‘ida ekanligi qonuniy jihatdan mustahkamlandi.

1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi huzurida Oliy attestatsiya komissiyasi (O‘zbekiston Respublikasi OAK)ni tashkil qilish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

1995 yil (bundan 30 yil oldin) – Nukusda qoraqalpoq adabiyotining mumtoz vakili Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining 170 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq badiiy hunarmandchiliklari va amaliy san’atni yanada rivojlantirishni davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

2000 yil (bundan 25 yil oldin) – Toshkentda Xalqaro biznes markaz ish boshladi. Ushbu bino poytaxtimizning zamonaviy me’morchiligida alohida o‘rin tutadi va Toshkentning savdo-iqtisodiy sohasidagi muhim infratuzilmaviy inshootlaridan biridir. Markaz “Bodomzor” metro bekati yaqinida joylashgan bo‘lib, yonidagi Milliy bank binosi bilan uyg‘unlashgan holatda qurilgan.

2016 yil (bundan 9 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Don xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

2022 yil (bundan 3 yil oldin) – Navoiy davlat konchilik instituti Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti etib qayta tashkil etildi. Mazkur universitetda sanoat, texnika-texnologiya, muhandislik sohalari uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanadi.

2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi