Mamlakatimizda ijtimoiy sohalarni tubdan isloh qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mavjud kamchiliklar aniqlanib, aholi uchun manfaatli yechimlar ishlab chiqilmoqda. Ana shulardan biri nogironlikni belgilashning raqamli tizimi joriy qilinishidir.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 16 sentyabrdagi "Nogironlikni belgilash tizimi raqamlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qarori bilan tizimda qator o‘zgarishlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Xususan, avval bemorlar faqat tuman markaziy poliklinikalarining vrachlik-maslahat komissiyalariga og‘zaki murojaat qilgan bo‘lsa, endilikda nogironlikni belgilash masalasida “Inson” markazlari, ijtimoiy xodimlar, my.gov.uz portali va oilaviy shifokorlar orqali murojaat qilish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, sirtdan (ko‘rikka chaqirtirmasdan) nogironlik belgilanadigan kasalliklar va uning asoratlari ro‘yxati 48 tadan 60 taga kengaytirildi.
Qayd etilishicha, kasallik turi va bemorning holati bo‘yicha nogironlikni qancha muddatga, qaysi guruhga belgilash hamda reabilitatsiya tadbirlarini aniqlashtirish haqida yagona standartlar mavjud bo‘lmaganligi va tizim raqamlashtirilmaganligi sabab nogironlikka doir xulosalarni belgilashda xatoliklar kuzatilar edi.
Yangi tizimning afzalligi shundaki, endilikda bemorning ma’lumotlari asosida nogironlik guruhi va muddati, o‘zgalar parvarishiga, tibbiy reabilitatsiyasiga hamda protez moslamasi yoki reabilitatsiya vositasiga muhtojligiga oid ma’lumotlar avtomatik ravishda inson omilisiz “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantiriladi. Bu esa ortiqcha ovoragarchiliklar bilan bir qatorda poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Sherbek Islomov, O‘zA