Qashqadaryoda Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ullari tomonidan “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish” (standartlashtirish, raqamlashtirish, nazorat mexanizmlarini joriy qilish) mavzusida trening o‘tkazildi.
Treningda viloyat, tuman va tumanlararo tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyasi (TIEK) xodimlari hamda tuman tibbiyot birlashmalari xodimlari, shuningdek, oilaviy shifokorlar qatnashdi.
Ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbarining 2024 yil 16 iyuldagi “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, respublika bo‘ylab nogironlikni belgilashda vrachlik-maslahat komissiyalari (VMK) tizimidan to‘liq voz kechilib, yangi tartib joriy qilinmoqda.
Endilikda fuqarolar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, mahalladagi ijtimoiy xodimlar, oilaviy shifokorlar, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali nogironlikni belgilash bo‘yicha murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Fuqarolarning tibbiy hujjatlarini elektron tarzda tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga (TIEK) yuborish jarayoni soddalashtirildi.
Shuningdek, muddat talab etmaydigan (doimiy) kasalliklar soni kengaytirilib, nogironlik belgilanishi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish ehtiyoji yo‘q kasalliklar ro‘yxati aniq belgilandi.
Tadbir davomida nogironlikni belgilashning yangi tizimi bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri