Yurtimizda jamiyatimizning bir qismi va teng huquqli a’zosi hisoblangan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini kafolatlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 16 iyuldagi “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori, 2025 yil 16 sentyabrda esa “Nogironlikni belgilash tizimi raqamlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan. Ushbu hujjatlarning ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Husen Ravshanov muxbirimizga quyidagilarni gapirib berdi:
– Prezidentimizning yuqoridagi qaroriga muvofiq, yangi tizim 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab Navoiy viloyatida bosqichma-bosqich eksperiment tarzda yo‘lga qo‘yildi.
Dastlab yangi tizim bo‘yicha oilaviy shifokorlar hamda Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi xodimlari malakasi oshirildi, amaliy seminarlar tashkil qilindi. Yangi tizimda eski tizim bilan parallel ravishda jami 3,5 mingga yaqin xulosalar shakllantirildi.
Dastlab xulosalarning farqli shakllanish holatlari kuzatildi. Xususan, nogironlik guruhi, sababi, muddati, RTV va POM turlariga muhtojtojligi Vazirlar Mahkamasining 62-sonli qaror talablariga nomuvofiq tarzda shakllandi va tahlillar natijasida 500 ga yaqin xato-kamchiliklar aniqlandi. Masalan, 18 yoshga to‘lmagan bolalarda nogironlik sababida “harbiy xizmat davrini o‘tash davrida” chiqishi, shuningdek, jigar serroz kasalligida bemor ob’ektiv holati va hujjatlari 2-guruh nogironligiga to‘g‘ri kelsada, tizimda 3-guruh xulosasi shakllanishi kabi kamchiliklar ma’lum bo‘ldi. O‘tgan 5 oy davomida ushbu kuzatilgan nomuvofiqliklar Agentlik mas’ullari tomonidan bartaraf etilib, hozirda xulosalar belgilangan mezonlarga muvofiq shakllanmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 16 sentyabrdagi “Nogironlikni belgilash tizimi raqamlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori bilan nogironlikni belgilash tizimi takomillashtirilib, standartlashtirish, raqamlashtirish va nazorat mexanizmlari belgilab berildi.
Qaror bilan fuqarolarga nogironlikni belgilash bo‘yicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Endilikda davolashish muddatlari kasallik turidan kelib chiqib belgilanadi va uzluksiz 4 oy, uzilishlar bilan 6 oy kutish tartibi bekor qilindi hamda 1071 ta holatda kasallik holatlari bo‘yicha davolanish muddati talab etilmaydi. Ilgari bunday holat bor-yo‘g‘i 48 ta edi. Kasalliklar ro‘yxati esa 71 tadan 92 taga ko‘paytirildi. MKB-10 bo‘yicha kasalliklar holatlari ro‘yxati esa 565 tadan 2074 taga kengaytirildi. Sirtdan nogironlik belgilash mumkin bo‘lgan kasalliklar soni 60 taga, muddatsiz davrga nogironlik belgilash holati 69 taga yetkazildi.
Bemorlarga qulayliklar yaratish maqsadida Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi ish grafigi 5 kunlikka o‘tkazilib, shaxsning funksionalligini ko‘rik bilan bir kunda baholash mumkin bo‘ladi. Shuningdek, nogironlik muddati, guruhi, o‘zgalar parvarishiga muhtojligi, tibbiy reabilitatsiya tadbirlari, RTV va POMga muhtojligiga oid ma’lumotlar avtomatik ravishda shakllantiriladi.
Amaliyotda aynan qaysi mutaxassislar Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalarida ishlashi mumkinligi bo‘yicha muammolar yuzaga kelayotgan edi. Qaror bilan ishga qabul qilinishi mumkin bo‘lgan tibbiy mutaxassisliklar ro‘yxati tasdiqlandi.
Shu bilan birga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning kasalliklar ro‘yxati kengaytirildi va nomuvofiqliklar bartaraf etildi. Ya’ni bunda kasalliklar darajalari, bosqichlari va asoratlar mezonlari aniq belgilab berildi.
Endilikda Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalari faqatgina shaxsning ob’ektiv holatini to‘g‘ri baholasa yetarli bo‘ladi.
Tizimda xulosa yaratish uchun dastlab 25-30 daqiqa sarflangan bo‘lsa, hozirda 7-8 daqiqa vaqt talab qilmoqda. Shuningdek, tizimda barcha ma’lumotlar avtomat tanlanishi, ya’ni qo‘lda ma’lumot kiritilmasligi orfografik xatolar kelib chiqishining oldini oladi va vaqtni tejaydi.
O‘zA A.Bo‘riyev