O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Nogironlikni belgilash tizimi raqamlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qarorlariga:
TIEKning tuzilmasini maqbullashtirish asosida uning faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish;
fuqarolarni TIEKga yo‘llashdan oldin davolanish lozim bo‘lgan muddatlar, nogironlikka olib keluvchi asosiy kasalliklar ro‘yxati va ushbu kasalliklarda nogironlikni belgilash mezonlarini raqamlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2026 yil 1 yanvarga qadar nogironlikni shaxs sog‘lig‘ining holati hamda kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini (funksionalligini) baholash natijalaridan kelib chiqib belgilash tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etishi belgilangan.
Ma’lumot uchun, oldinroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024 yil 16 iyuldagi PQ-257-son qaroriga muvofiq:
2025 yil 1 iyunga qadar Toshkent shahri va Navoiy viloyatida, 2025 yil 1 oktyabrga qadar respublikaning qolgan hududlarida bosqichma-bosqich shaxslarga nogironlikni belgilashda shaxsning klinik-funksional buzilishlari tavsifidan kelib chiqib, nogironlikning muddati, sababi, tibbiy reabilitatsiya tadbirlari, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalariga muhtojligiga oid ma’lumotlar, shuningdek, har bir kasallikning kechishi va turi bo‘yicha fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari ko‘rigiga yo‘llash uchun lozim bo‘lgan muddatlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida real vaqt rejimida avtomatik ravishda shakllantirilishi;
2025 yil 1 yanvardan boshlab nogironlikni shaxs sog‘lig‘ining holati hamda kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini (funksionalligini) baholash natijalaridan kelib chiqib belgilash tartibi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan edi.
O‘zA