English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nogironlikni belgilash bo‘yicha yangicha tizim ishga tushirilmoqda 
14:54 / 2024-09-23

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining mas’ul vakillari tomonidan yangi tartibdagi nogironlikni belgilash, inklyuziv jamiyatga erishish va nogironlar uchun bandlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini ta’minlash masalalari xususida batafsil so‘z yuritildi. 

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda nogironlikni belgilash bo‘yicha yangicha tizim joriy etilmoqda. Joriy yilning 16 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Unga muvoofiq, 1 sentyabrdan boshlab Toshkent shahri va Navoiy viloyatida bosqichma-bosqich eksperiment tarzida my.gov.uz, “Inson” markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorga murojaat qilish imkoniyati yaratildi. 

Bunda “Inson” markazi xodimlari tomonidan JSST nogironlikni baholash shkalasining mahalliy xususiyatlar va shart-sharoitlarga moslashtirilgan mezonlari asosida 18 yosh va undan katta shaxslarning funksionalligini baholash tartibi joriy etildi. 

[gallery-19403]

Nogironlikni belgilash jarayonida avtomatik tarzda muhtojlik belgilanib, kerakli protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnika vositalari mahsulotlari uchun vaucher shakllantiriladi. Elektron tijorat yoki my.ihma.uz dagi shaxsiy akkaunt orqali muhtoj shaxs kerakli vositaga buyurtma berishi va foydalanishi mumkin bo‘ladi. 

May oyidan buyon hozirgacha ushbu tizim orqali 43 mingdan ortiq vaucher shakllantirildi. Shundan 22 ming 500 nafar fuqaro o‘ziga kerakli mahsulotlarga buyurtma qilgan. Shundan 17 ming 500 nafardan ortiq fuqaroga kerakli vositalar yetkazib berilgan. 5 mingta shunday mahsulot bugungi kunda hamyurtlarimizga yetkazib beriladi. 

Protez olgan va boshqa nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga integratsiyalashuvini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda fuqarolarning bandligini ta’minlash, kasbga va sportga yo‘naltirish bo‘yicha ham muhim qadamlar tashlandi. 

Xususan, joriy yilning fevral oyida davlat idoralarida 20 ming nafar, tijorat tuzilmalarida esa ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning bandligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik tizimi ishga tushirildi. Birgina Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida bunday alohida ehtiyojli ishchilar 10 foizni tashkil etadi. 

Bugungi kunga kelib ushbu tizimda 52 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari uchun tanlov e’lon qilindi. Malaka talablariga javob bergan 3 ming 400 nafardan ortiq fuqaro ish bilan ta’minlandi. 

Qolaversa, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda 90 ga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar ishga joylandi. 

Matbuot anjumanida O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuzivlik va teng imkoniyatlarni qo‘llab-quvvatlash, yaratilayotgan imtiyozlar bo‘yicha savollarga batafsil javob qaytarildi. 

N.Usmonova, N.Haydarov (surat), O‘zA