Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nogironlik nafaqasi oshirildi
17:44 / 2022-02-21

Yangi farmon

Kasb faoliyatim va shaxsiy qiziqishlarim tufayli psixologiya, ayniqsa, bolalar psixologiyasiga tegishli adabiyotlarni o‘qishga, yangi ma’lumotlarni yig‘ishga alohida vaqt ajrataman. Hozirgi axborot texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan davrda sohadagi so‘nggi yangiliklardan boxabar bo‘lish u darajada mushkul ish emas.  

Ijtimoiy tarmoqdagi bolalar psixologiyasi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis guruhiga a’zo bo‘ldim. Guruhda asosan onalar mutaxassisdan o‘zlarini qiynagan savollariga javob olishar ekan.

Bir ona farzandining psixologik ahvolini bayon qilish asnosida, ko‘pgina muammolarini bildirganiga e’tiborim tushdi. Bolasining nogironligi, shundan kelib chiqqan psixologik muammolar, buning oilaviy munosabatlarga ta’siri va hokazo.  

Muammolarning negizida iqtisodiy qiyinchilik ham bor, albatta.  Nogironligi bo‘lgan farzandni parvarishlayotgan onalar daromad keltiruvchi faoliyatini yuritish imkoni bo‘lmaydi, ular doimiy tartibda faqat bolalari bilan ovora bo‘lishadi. Shundan qilib chiqib bunday oilalarning ijtimoiy xatarlarga zaifligi oshib boradi.

Shu o‘rinda yaqinda imzolangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni ayni muddao bo‘lganligiga ishonch hosil qildim.  

Mazkur farmon nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini amalga oshirishda yangi yondashuvlarni joriy etish maqsadida qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2022 yil 1 apreldan boshlab mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda  440 ming so‘mdan 622 ming so‘mgacha oshiriladi (amalda bolalikdan nogiron bo‘lgan shaxslarga 622 ming so‘m miqdorida nafaqa to‘langan. Hayoti davomida nogiron bo‘lib qolgan shaxslarga esa 440 ming so‘m nafaqa berilgan).

O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 ming so‘m miqdorida parvarishlash nafaqasi to‘lanadi. Parvarishlash nafaqasi fuqarolarning Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga qilgan murojaatlari asosida byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan tayinlanadi va to‘lanadi.

Parvarishlash nafaqasini to‘lash va yetkazib berish xarajatlari O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Bundan tashqari, 2022 yilning oktyabr oyidan boshlab 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar va odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga to‘lanadigan nafaqalarni hamda parvarishlash nafaqasini fuqarolardan qo‘shimcha hujjatlarni talab etmagan holda “proaktiv shakl”da tayinlash tizimi joriy etiladi. 

Prezidentimizning yangi farmoni davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining yana bir yorqin ifodasidir.  

 

Iroda Qahhorova, 
huquqshunos 
O‘zA