Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nogironlik - mehnatga layoqatsizlik yoki muvaffaqiyatsizlik, degani emas
19:19 / 2022-03-27

Ekspertlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, jahonda taxminan 650 million nafar odam nogiron.

 Bu esa butun dunyodagi mamlakatlar aholisi umumiy sonining 10 foizga yaqinini tashkil qiladi. Ularning 80 foizdan ko‘prog‘i ishsizlar, vaholanki, 470 millionga yaqini mehnatga layoqat yoshida va oddiy ishlab chiqarish sharoitlarida yoki ixtisoslashgan korxonalarda mehnat qilish imkoniyatiga ega.

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning rasman e’lon qilingan soni aholining 2,1 foizini tashkil qiladi.  

Xo‘sh, bugun mamlakatimizda jamiyatning mazkur ehtiyojmand qatlami himoyasi uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Tadqiqotlarga ko‘ra, nogiron bolalar va kattalarning 25 foizi zarur tibbiy xizmatlardan foydalana olmagan. Nogiron bo‘lmaganlarda esa bu ko‘rsatkich atigi 10 foizni tashkil qiladi. To‘lov bilan bog‘liq qiyinchiliklar, qayerdan dori olishni bilmaslik va boshqa omillar tufayli fuqarolarning ushbu toifasida shifokorlar tomonidan belgilangan dori-darmonlarni qabul qilishga bo‘lgan imkoniyatlari uch baravar kam. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan odamlarning ish topish imkoniyati ham nogironligi bo‘lmaganlarga qaraganda taxminan to‘rt baravar kam.

JAMOAT TRANSPORTLARI NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLAR UCHUN QULAYLIK BERMAYDI

Poytaxtdagi jamoat transporti ham nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulaylik mezonlariga javob bermaydi. Bu esa nogironligi bo‘lgan shaxslarning farovonligi uchun jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga ega. Ularning erkin harakatlanishi va boshqalar qatori o‘z huquqlarini amalga oshirish imkoniyatlaridan mahrum qilayotgan ob’ektiv sharoitlar mavjud. Ushbu cheklovlar transport va ko‘chalarda nogironlar uchun maxsus texnik qurilmalarning yo‘qligi, shahar jamoat binolari va inshootlarining imkoniyati cheklangan insonlar uchun nomuvofiqligi, nogironlar uchun ta’lim muassasalarining keng foydalanish va ta’lim dasturlari sonining kamligida yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakatlanishini osonlashtiruvchi imkoniyatlarning kamligi esa ushbu toifadagi fuqarolarning huquqlari buzilishiga olib keladi.

Ma’lumki, 2021 yil dekabrida O‘zbekiston Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Toshkent shahar transporti va transport infratuzilmasini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi e’lon qilingan edi. Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi O‘tkirbek Xolmirzayevning ta’kidlashicha, zamonaviy shahar yo‘l infrastrukturasida yo‘llar xavfsiz va ekologik zararsiz bo‘lishi kerak. Avtomobillar kamroq yurishi, piyodalar, bolalar aravachasi, nogironlar aravasi, velosipedlar uchun avtomobillar bilan teng miqdorda makon ajratilishi kerak. Konsepsiya loyihasi esa avtomobil yo‘llarini bog‘lash, avtomobillar uchungina qulay yo‘llar yaratish (tezroq va ko‘proq avtomobil o‘tkazish) uchun bog‘lamalar qurishni nazarda tutadi. Ya’ni, unda eski yo‘l konsepsiyasi mohiyatan o‘zgarmagan, avtomobillarni ko‘proq va tezroq o‘tkazish shahar yo‘llarining asosiy mazmuni, deb ko‘rilgan.  

Mazkur muammolarga yechim topish maqsadida davlatimiz rahbarining joriy yil 3 martdagi «Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida 2022 yil 1 sentyabrga qadar savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari mavjud bo‘lgan amaldagi avtobus bekatlarida yo‘lovchilar, shu jumladan, aholining imkoniyati cheklangan guruhlari uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish choralarini amalga oshirish belgilab qo‘yildi.

NOGIRONLIK ISH QILOLMASLIK DEGANI EMAS, MAZKUR TUSHUNCHANI LAYOQATSIZLIKKA ASOSLASH NOTO‘G‘RI QARASH!

Dilnoza Nuriddinova: - 1-guruh nogironiman. Bolaligimda og‘ir kasallik tufayli ko‘rish qobiliyatidan ayrildim. Hozir nogironlik nafaqasini olaman. Afsuski, mazkur nafaqa turi juda kam. Men har oy shifokor nazoratida turaman. Sog‘ligim sababli turli dori-darmonlarni qabul qilishga majburman. Oliygohda tahsil olish niyatim bor. Qo‘shimcha darslarga qatnayman. Yoshim 20 da. To‘g‘ri, mening imkoniyatim ayrim masalalarda cheklangan. Ammo bu to‘liq ota-ona qaramog‘ida yashash, degan tushunchani anglatmaydi. Ehtiyojlarimni qoplash uchun o‘z imkoniyatimdan kelib chiqib, ish topish ilinjida ba’zi tashkilotlarga murojaat qilib ko‘rdim, foydasi bo‘lmadi.

Biz kabi nogironlarga moddiy yordam turlaridan ham ko‘ra, ishlash imkoniyati berilsa, yanayam yaxshi bo‘lardi.

Dilshod Bo‘riyev: - Ko‘rish qobiliyatim juda pastligi sababli 2-guruh nogironligi nafaqasini olaman. Uzoq yillardan beri ishsizman. Shifokorlar og‘ir mehnatlarni taqiqlab qo‘ygan. Ilojsiz, asosan uyda o‘tiraman.

- Singlimning eshitish va gapirish qobiliyati cheklangan edi, - deydi Mashhura Elmurodova. - Onam unga to‘qish va tikishni o‘rgatdi va u o‘z navbatida hunarini boshqa qizlarga o‘rgatishni yo‘lga qo‘ydi. Nogironlik nafaqasi tayinlangan. Ammo o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, hunari orqasidan pul topishni afzal deb biladi. Umuman, imkoniyati cheklanganlarga o‘zlariga mos ish bilan shug‘ullanishga sharoit yaratish lozim deb o‘ylayman.

NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLARGA BIR XIL MIQDORDA - 622 MING SO‘MGA TENG NAFAQA TAYINLAB BORILADI

Taraqqiyot har qanday jamiyatning ma’naviy ahvoli, bolalar, qariyalar va nogironligi bor kishilarga nisbatan munosabati orqali aniqlanadi.

bugungi kunda ishlab chiqilayotgan hujjatlarda nogironlik ijtimoiy himoya yoki tibbiyot muammosi emas, balki inson huquqlari muammosi sifatida ta’riflanmoqda.  

Avvalgi tartibda bolalikdan nogiron bo‘lgan shaxslarga 622 ming so‘m, hayoti davomida nogiron bo‘lib qolgan shaxslarga 440 ming so‘m miqdorida nafaqa to‘lab berilgan.

Prezident tomonidan joriy yil 2 fevralda qabul qilingan «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, endilikda nogiron bo‘lib qolishi muddatidan qat’i nazar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga 440 000 so‘mdan oshirilib, bir xil miqdorda 622 000 so‘mga teng nafaqa tayinlab boriladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 49 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun nafaqa 41 foizga oshadi. Mazkur chorani amalga oshirishga 2022 yilga qo‘shimcha 81 milliard so‘m ajratiladi.

Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 ming so‘m miqdorida nafaqa to‘lovi (parvarishlash nafaqasi) joriy etiladi. Parvarishlash nafaqasi Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga murojaat asosida byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan tayinlanadi va to‘lanadi.

Farmonga ko‘ra, 2022 yil 1 apreldan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalar to‘g‘risidagi, 2022 yil 1 oktyabrdan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalarning qonuniy vakillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga elektron taqdim etib boriladi.

2022 yil oktyabrdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar va odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga to‘lanadigan nafaqalar hamda parvarishlash nafaqasi fuqarolardan qo‘shimcha hujjatlarni talab etmagan holda «proaktiv shakl»da tayinlanadi. Farmon bilan shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning kasalliklari ro‘yxati (34 ta) tasdiqlandi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, belgilangan qonunchilikka ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal ko‘rish holatlari, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ob’ektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlanadi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan yuridik shaxslarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir xodim uchun 6 oy davomida har oy bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari ko‘rinishida subsidiya berilishi ham rejalashtirilgan.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA