Nogironligi bo‘lgan shaxslar alohida guruh emas, balki jamiyatning teng huquqli a’zolaridir. Ular kuchli iroda, mehnatsevarlik va hayotga bo‘lgan ijobiy qarashlari bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘ladi. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizning 57-moddasida “Mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir” deya qayd etilgan.
3 dekabr — Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni munosabati bilan Samarqand viloyati hokimligi tomonidan o‘tkazilgan xayriya marafonida qatnashgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sherali Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Samarqand viloyat bo‘limi raisi Dilmurod Pardayev va boshqalar yurtimizda ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tishdi. Aholining ushbu qatlami o‘zining fidoyiligi bilan yurt taraqqiyoti yo‘lida tashabbuskorlardan bo‘layotganligi alohida ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
[gallery-26455]
– Joriy yilning o‘tgan davrida nogironligi bo‘lgan shaxslarning 5864 nafarining doimiy bandligi ta’minlandi, 6009 nafari o‘zini-o‘zi band qilish faoliyat turlari bo‘yicha ish boshlagan bo‘lsa, 3672 nafari parasportga jalb qilindi, 3086 nafar imkoniyati cheklangan bolalarga tegishli ta’lim turlari bo‘yicha o‘qishga yo‘llanmalar berildi va 12448 nafari reabilitatsiya vositalari va protez ortopediya mahsulotlari bilan ta’minlandi, – deydi Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Samarqand viloyat bo‘limi boshlig‘i Doston Malikov. - Eng muhimi, nogiron bo‘lib qolgan yurtdoshimiz xalqimizning, davlat idoralarining mehr-e’tiboridan chetda qolmasdan, o‘zining mehnati va qobiliyati bilan nafaqat hayotda o‘z o‘rnini egallab kelmoqda, balki azmu matonati, sabr-bardoshi va shukronalik fazilatlari bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lmoqda. Bugungi kunda viloyatda 111 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimiz hech kimdan kam bo‘lmasdan istiqomat qilib kelmoqda. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a’zosi ekanliklarini his etishlari uchun davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Sana munosabati bilan o‘tkazilgan xayriya marafoni ham xalqimizga xos saxovat va mehr-muruvvat an’analarini o‘zida namoyon etdi. Xayriya davomida tushgan mablag‘lar o‘zgalar ko‘magiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasiga yo‘naltiriladi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirildi.
– Nogironlik imkonsizlik emas, – deydi Pastdarg‘om tumanidagi 2-sport maktabi bandminton bo‘yicha murabbiyi, 1-guruh nogironi Umar Shodiyev. – Baxtsiz hodisa tufayli nogironlik aravachasiga mixlandim. Ammo umidsizlikka cho‘kmadim. Mana besh yildirki, badminton bo‘yicha murabbiylik faoliyatini olib boryapman. Ayni paytda to‘qqiz nafar nogironligi bo‘lgan bolalar murabbiyiman. Shogirdlarimga birinchi navbatda jismoniy imkoniyatning cheklanganligi hayot tugadi, degani emasligini uqtiraman. Maqsadimiz xalqaro maydonlarda ham cheklangan imkoniyatimiz bilan cheklanmagan orzularimizni amalga oshirishdan iborat.
Sana munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir to‘kin dasturxon atrofida davom etdi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari