Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nogironligi bor yurtdoshlarimiz referendumga befarq emas
16:42 / 2023-04-16

Termiz shahrida O‘zbekiston Nogironlar jamiyati “Yangilanayotgan Konstitutsiya–ijtimoiy g‘amxo‘rlik kafolati” mavzuiga baag‘ishlangan uchrashuv tashkil etdi.

Surxondaryo viloyat va tuman, shahar nogironlar jamiyati mutasaddilari, nogironligi bor shaxslar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Nogironlar jamiyati raisi birinchi o‘rinbosari Botir Omonturdiyev, jamiyat Markaziy boshqaruvi huquqshunosi G‘olibjon Egamberdiyev, Surxondaryo viloyat nogironlar jamiyati raisi Nusratullo Saidov va boshqalar yangi tahrirdagi Asosiy Qonunimizga xalqimiz xoxish-irodasi bilan kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarning asosiy huquqlariga oid qator normalar belgilanayotgani ta’kidlandi.  

–Yangi tahrirdagi Bosh Qomusimizga kiritilayotgan yangi normalar nogironligi bor fuqarolarning qadrini yanada ulug‘lashga qaratilgani bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda,– dedi O‘zbekiston Nogironlar jamiyati raisi birinchi o‘rinbosari Botir Omonturdiyev.– Jumladan, Yangilinayotgan Konstitutsiyamizda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi qonun bilan belgilanishi o‘z ifodasini topmoqda. Ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanishi, mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida bo‘lishi kabi qator normalar bilan mustahkamlanmoqda.  

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi referendumida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ovoz berish huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi. Nogironligi bo‘lgan ovoz beruvchilarga qulay bo‘lishi uchun ovoz berish jarayonlarini binoning birinchi qavatida o‘tkazish, uchastkalarda panduslar mavjudligi, bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini tayyorlash va tarqatish orqali referendum tashviqotini olib borishda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning alohida ehtiyojlarini e’tiborga olish, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi ovoz beruvchi fuqarolar referendum byulletenida o‘z xohish irodasini mustaqil ifoda eta olishi uchun har bir referendum uchastkasini Brayl alifbosidagi trafaret bilan ta’minlash, maxsus ovoz berish kabinetlariga belgi o‘rnatish kabi yo‘nalishlarda jamoatchilik nazoratini olib borish tavsiya etildi.  

Shu kuni mehmonlar Termiz shahri va tumanlarda bo‘lib, referendum o‘tkazuvchi uchastkalarda nogironligi bor shaxslar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan uchastka komissiyalari a’zolariga taklif va tavsiyalar berildi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  

O‘zA muxbiri