Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nogironligi bor shaxslarning saylovda ishtiroki uchun qulayliklar yaratilgan
10:54 / 2024-10-27

Nogironligi bor shaxslarning mamlakat kelajagi uchun muhim bo‘lgan siyosiy jarayonlarda faol ishtiroki katta ahamiyatga ega. Shu bois, ularning bugun yurtimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga o‘tkazilayotgan saylovda ishtiroki uchun barcha kerakli qulayliklar yaratilgan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan 18 yoshdan oshgan, ovoz berish layoqatiga ega bo‘lgan nogironligi bor shaxslarning ro‘yxati Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etildi.

Xususan, bugun 831 ming 738 nafar nogironligi bor shaxs ovoz bermoqda. Shundan, 105 ming 404 nafari ovoz berishda ko‘makka muhtoj shaxslar, 17 309 nafari o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslardir.

Nogironligi bor shaxslarning saylov uchastkalarida mustaqil harakatlanishida inklyuzivlikni ta’minlash maqsadida bir qator qulayliklar, jumladan, uyda ovoz beruvchi shaxslar uchun saylov komissiyasi a’zolari tomonidan yashash manziliga borgan holda ovoz berish imkoni yaratildi. O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun gavjum joylarda bepul transport qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, saylov uchastkasiga mustaqil boruvchi shaxslar uchun alohida jihozlangan yashirin ovoz beruvchi kabinalar o‘rnatildi. Qolaversa, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan saylov uchastkalari binolarning birinchi qavatida joylashganiga alohida e’tibor qaratildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA