Namangan shahridagi 43-sonli umumta’lim maktabi binosida joylashgan 7-saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlari aholining faol ishtiroki bilan boshlandi.
Uchastka komissiyasi raisi Nargiza Hayitovaning aytishicha, saylovda qatnashish uchun Sharshara mahallasida yashovchi 2 ming 778 fuqaro elektron ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 44 nafari yosh saylovchilar, 1 ming 375 nafari xotin-qiz, 123 nafari nogironligi bor hamda jismoniy imkoniyati cheklangan fuqaroni tashkil etadi.

Xususan, eshitish va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan kishilarning ham siyosiy jarayonlardagi to‘laqonli ishtirokini ta’minlash maqsadida ko‘zi ojiz kishilar uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan taqdim etilgan brayl alifbosidagi byulletenlar taqdim qilinmoqda.

Uchastka komissiyasi a’zolari hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mas’ul xodimi Mashhura Sattixo‘jayeva “Sharshara” MFY, Ma’rifat ko‘chasidagi ko‘pqavatli 35-uydagi xonadonlarda yakka-yolg‘iz istiqomat qiluvchi Ko‘zi ojizlar jamiyati Namangan viloyati bo‘limi a’zolari Baxtiyor Abduvaliyev va Karimaxon Uzoqovaning yashash manziliga bordi.

– Yoshim o‘ttizda. Hozirgacha Prezident saylovlari va Referendumda qatnashganman. Parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlar men uchun to‘rtinchi siyosiy tadbir. Viloyat Ko‘zi ojizlar jamiyati a’zosi sifatida e’tirof etishim kerak, yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emas. Buning yana bir isbotini saylov jarayonlarida fuqarolarning Konstitutsion huquqlarini amalga oshirishda barcha qatlamdagi aholi vakillarining manfaatlariga ahamiyat qaratilayotganida namoyon bo‘lmoqda, – deydi birinchi guruh nogironi Tohirjon Jambulov. – Biz kabi imkoniyati cheklangan insonlar mamlakatimizda inson qadri ulug‘lanayotganidan behad mamnunmiz. Uchastkada ovoz berishimiz uchun alohida shart-sharoitlar yaratilgan. Komissiya a’zolari bergan brayl alifbosi byulletenidan foydalangan holda, kelgusi besh yilda Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun sadoqat bilan xizmat qilishga qodir, o‘zim munosib bilgan nomzodlarga ishonch bildirdim.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.