Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining 15 foizi, ya’ni bir milliarddan ko‘proq erkak, ayol va bolalarda nogironlik mavjud. Ularning siyosiy jarayonlarda ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi. Bu huquqiy demokratik davlat uchun asosiy jihatdir.
Demokratik huquqiy davlatlarda imkoniyati cheklangan shaxslarning siyosiy jarayonlarda ishtirok etishlari uchun xalqaro, mintaqaviy va milliy qonunchilik asoslari yaratilgan. Xususan, 1948 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Inson huquqlari to‘g‘risidagi umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan. Ushbu deklaratsiyaning 21-moddasida «har kim o‘z mamlakatining boshqaruvida bevosita yoki o‘zi erkin tarzda tanlagan vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega» ekani va «har kim o‘z mamlakatidagi davlat ishida xizmat qilish borasida teng huquqqa ega» ekani tasdiqlangan. Mazkur huquqlar 1966 yilda qabul qilingan yana bir BMT shartnomasi – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 25-moddasida ham takrorlangan. Qolaversa, 2006 yilda BMTning Bosh assambleyasi tomonidan Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya, deb nomlangan muhim shartnoma ham qabul qilingan. Ushbu Konvensiya inson huquqlari to‘g‘risidagi birinchi shartnoma bo‘lib, u BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan. BMTning 192 a’zo-davlatidan, 2021 yil may holatiga ko‘ra, 183 tasi ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan. Ushbu konvensiya 50 ta moddadan iborat bo‘lib, dunyodagi nogironligi bo‘lgan shaxslar holatini tahlil qilish asosida qabul qilingan. Jumladan, mamlakatimiz ham Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qo‘shilgan. Mazkur Konvensiyaning 29-moddasida davlatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarga «kerak bo‘lganda yordamchi va yangi texnologiyalardan foydalanishga ko‘maklashish orqali ularning saylovga o‘z nomzodini qo‘yish, mansabdor shaxs lavozimini egallash, hokimiyatning barcha darajalaridagi davlat xizmatini bajarish» huquqini ta’minlashi lozimligi ta’kidlanadi. Shuningdek, 29-moddada davlatlar «nogironligi bo‘lgan shaxslar diskriminatsiyaga uchramagan holda boshqalar bilan teng ravishda davlat ishlarini yuritishda samarali va to‘liq ishtirok eta oladigan muhitni yaratishga faol ko‘maklashishi va ularning davlat ishlarida shu jumladan, siyosiy partiyalar faoliyati va boshqaruvidagi ishtirokini rag‘batlantirishi» lozimligi belgilangan.
Shuningdek, 2015 yilda BMT tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlarida tengsizlikka qarshi kurash 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish dasturining bir qismi sifatida belgilangan. Unda «2030 yilga kelib, yoshi, jinsi, nogironligi, irqi, millati, kelib chiqishi, dini yoki iqtisodiy maqomidan qat’i nazar barchaning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jarayonlarda ishtirok etish bilan bog‘liq huquq va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadli ko‘rsatkich etib belgilangan. O‘zbekiston ham boshqa davlatlar qatori a’zo hisoblanib, 16 ta maqsad, 125 ta vazifa va 206 ta indikator qabul qilinib, milliy kontekstga moslashtirilib, bu bo‘yicha yangi bir tizim tashkil etilgan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning siyosiy hayotda ishtirok etishini ilgari suradigan bir qator mintaqaviy va milliy hujjatlar mavjud. Bulardan asosiylari Yevropa Ittifoqining Asosiy huquqlar to‘g‘risidagi xartiyasidir. Ushbu xartiya inson huquqlari bo‘yicha Yevropa Ittifoqi darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bu a’zo davlatlar uchun muhim mintaqaviy hujjat hisoblanadi. Milliy asoslari esa, har bir davlat tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlardir. Siyosiy jarayonlarda ishtirok etish huquqini qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro standartlar, majburiyat va ilg‘or amaliyotlar bor bo‘lishiga qaramay, nogironligi bo‘lgan jamiyatda o‘rnashib qolgan stereotip bor. Bu ularning siyosatga qiziqmaydi yoki siyosiy jarayonlarda ishtirok eta olmaydi, degan tendensiyalarni vujudga keltiradi. Mamlakatimiz siyosiy hayotida imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy-siyosiy jihatdan himoyalash bo‘yicha o‘zining xalqaro standartlarga asoslangan milliy tajribasiga ega hisoblanadi.
Mamlakatimizda ham «Inson qadri uchun» tamoyili asosida Yangi O‘zbekistonda inklyuziv rivojlantirish, ya’ni aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli tizimli islohotlar amalga oshirilayotganini har bir yurtdoshimiz qalbidan sezmoqda. Bu O‘zbekistonda «davlat – jamiyat – inson» tamoyilini yangi «inson – jamiyat – davlat» tamoyiliga o‘zgartirib, konstitutsiyaviy qonunchilik va konstitutsiyaviy amaliyotda mustahkamlash, eng avvalo, inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yish bilan asoslandi. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev 2021 yil 7 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligiga bag‘ishlangan nutqida «Hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli «Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat», degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashning vaqti-soati yetdi» deb ta’kidlashi natijasida Yangilangan konstitutsiyada konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlandi. Qolaversa, Konstitutsiyaning 13-moddasida «O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi. Ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar himoya qilinadi» deb belgilandi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash hamda himoya qilish masalalari bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjati bilan tartibga solinmoqda. Jumladan, Konstitutsiya, 40 dan ziyod qonun va 160 dan ortiq qonunosti hujjati ko‘zda tutilgan.
Aynan nogironligi bor shaxslarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini teng ta’minlash, ular uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadi O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida ham belgilab qo‘yilgan. Xususan, 4-moddasida «Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga egadir» deb belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, 2019 yil 3 dekabrda Markaziy Saylov Komissiyasi tomonidan «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingan edi. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va ularni ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyatlar tengligini ta’minlash, to‘siqsiz foydalanish bo‘yicha qoidalar kiritilganligi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat bilan uyg‘unlashishi uchun qulay sharoitlar yaratilish yo‘lida xizmat qildi.
Shuningdek, mamlakatimizda imkoniyati cheklangan shaxslarni jamiyat siyosiy hayotidagi ishtirokini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 1 iyundagi «Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni hamda 2023 yil 28 sentyabrdagi «Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida qarori aynan ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish, ijtimoiy xizmat va yordamlarni kompleks yondashuv asosida ko‘rsatish, aholining og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini oshirish hamda aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlashga qaratilgan.
Xulosa sifatida aytganda, bugun mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish shuningdek, inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro normalar va standartlarni milliy qonunchilikka izchil implementatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo imkoniyati cheklangan shaxslarni siyosiy jarayonlarga saylash va saylanishga, referendumda ishtirok etishga ishtirokini yanada kengaytirish asosida «To‘siqsiz muhitni» ta’minlash maqsadida «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Jumladan:
– davlat jamiyat va davlatning siyosiy hayotida nogironligi bo‘lgan shaxslarning boshqalar bilan teng ravishda bevosita yoki o‘z vakillari orqali ishtirok etishini, shu jumladan, qonunda belgilangan tartibda saylash va saylanish, referendumlarda ishtirok etish huquqini ta’minlashni alohida modda sifatida kiritish;
– saylov jarayonlarida saylov uchastkalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha toifalari uchun eshitish, ko‘rish, o‘rindiqli aravachalardan foydalanuvchi shaxslar ovoz berishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishni belgilash;
– nogironligi bo‘lgan shaxslarning muloqot qilishi usullari, ushbu usullar orqali ularning ta’lim olishi, axborotga ega bo‘lishi, axborotni yetkazishi hamda bu orqali jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘lishini ta’minlovchi normalarni kiritish;
– saylov jarayonida, jumladan, saylov tashviqotida siyosiy partiyalar va nomzodlar tomonidan imkoniyati cheklangan shaxslar uchun muloqot tiliga mos Brayl alifbosida tayyorlangan ma’lumotlar, qulay multimedia vositalaridan, xuddi shuningdek, bosma materiallardan, audiovositalardan foydalanishni kiritish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, saylov tashviqotida siyosiy partiyalar tomonidan majlis va uchrashuvlar o‘tkaziladigan joy va binolarga nogironligi bo‘lgan shaxslarning kirishi qulay bo‘lishini ta’minlash va kerakli axborotlarni yetkazib berish ularda faol fuqarolik pozitsiyalari shakllanishiga xizmat qiladi.
Usmonjon Bo‘tayev,
O‘zbekiston Milliy universiteti professori, siyosiy fanlar doktori.
O‘zA