Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Respublikadagi protez-ortopediya mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar hamkorligida hududlarda “Moslashtirish markazi” xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Bu tashabbus nogironligi bo‘lgan shaxslarning zamonaviy protez vositalariga moslashishi va jamiyat hayotiga faol qo‘shilishiga ko‘maklashishga qaratilgan.
Xususan, Qashqadaryo viloyati Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida bu yo‘nalishda amaliy ishlar olib borilmoqda. Mazkur markazda loyihaning 5 bosqichi doirasida jami 78 nafar fuqaroga zamonaviy protez vositalari topshirildi va mutaxassislar tomonidan moslashtirish mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Shuningdek, markaz tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarga statsionar ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari ham ko‘rsatib kelinmoqda. Ushbu xizmatlar fuqarolarning hayot sifati yaxshilanishi va mustaqil harakatlanish qobiliyatini tiklashga xizmat qilmoqda.

Markaz hududida tashkil etilgan “Inklyuziv workout” maydonchasi esa fuqarolarning jismoniy sog‘lomlashuvi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratdi.

Bu borada Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashovchi 67 yoshli G‘anisher Zaripovning hayotida yuz bergan ijobiy o‘zgarishni qayd etish mumkin. Bir necha yil avval sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa tufayli u oyog‘idan ayrilgan. Unga davlat tomonidan vaucher ajratilib, yangi protez vositasi taqdim etildi. Dastlab protezdan foydalanishda qiyinchilikka duch kelgan fuqaro, “Moslashtirish markazi”dagi mutaxassislar ko‘magida unga moslashishga erishdi. Bugungi kunda u jamiyat hayotida faol ishtirok etib kelmoqda.

Yaratilgan bunday qulayliklar nogironligi bo‘lgan fuqarolarning hayotga bo‘lgan ishonchi va ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri