Mamlakatimizda inklyuziv jamiyatni shakllantirish, barcha uchun teng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining muhim strategik vazifalaridan etib belgilangan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat bozoridagi faolligini oshirish, ular uchun har bir davlat idoralarida mos ish o‘rinlari yaratish davlatimiz rahbari ilgari surayotgan eng muhim tashabbuslardan biriga aylandi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Markaziy bank va Paynet hamkorligida “Moliyaviy imkon” loyihasi amalga oshirila boshlandi.
Loyiha doirasida har bir viloyatdan 10 nafardan, jami 140 nafar og‘ir hayotiy sharoitda yashovchi, tadbirkorlikka qiziqishi bor va o‘z mehnati bilan turmushini yaxshilash istagida bo‘lgan fuqarolar tanlab olindi.
Agentlik, tijorat banklari va Paynet mutaxassislari ishtirokida nomzodlar uchun moliyaviy savodxonlikni oshirish, Paynet tizimida ish yuritish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘quv-treninglar tashkil etildi.
Qolaversa, har bir nomzod uchun beg‘araz yordam ko‘rsatildi.
Jumladan, tanlab olingan ishtirokchilar Paynet shoxobchasini yuritish uchun zarur kompyuter va texnik uskunalar bilan to‘liq ta’minlanib, 6 oy davomida shoxobcha ijara xarajatlarini qoplab berish mexanizmlari joriy etildi.
Shuningdek, ishtirokchilar faoliyatini boshlab olishlarini rag‘batlantirish maqsadida ularning bank hisob-raqamlariga 5 million so‘mdan (beg‘araz) start depozit mablag‘i o‘tkazildi.
Dastlab Toshkent shahri, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlarida tanlangan fuqarolar o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yib, ular ko‘rsatayotgan xizmatlar aholiga qulaylik yaratmoqda.
Kelgusida ularning faoliyati yanada takomillashtirilib, daromad manbaini muntazam kuchaytirib borish maqsad qilingan.
Ta’kidlash joizki, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilishi mazkur loyiha ushbu yo‘nalishdagi muhim amaliy qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA