O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida «O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar» deya belgilab qo‘yilgan.
Hech ikkilanishsiz aytish mumkinki, so‘nggi besh yilda mamlakatda nafaqat Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan, shu bilan birga xalqaro qonunchilikda nazarda tutilgan inson qadrini yuksaltirish, uning huquqlarini himoya qilish hamda farovon turmush kechirishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining to‘rtinchi yo‘nalishida barcha sohalarda bo‘lgani kabi fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va salomatligini saqlashga oid bir qator chora-tadbirlar belgilanib, har bir yilga berilgan nomlardan kelib chiqib qabul qilinadigan Davlat dasturlari asosida belgilangan vazifalar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, «Saxovat» va «Muruvvat» mehribonlik uylari tizimini yanada rivojlantirish borasida boshlangan islohotlar izchil davom ettirilmoqda. O‘tgan vaqt davomida keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan 27 ta tibbiy-ijtimoiy muassasada 267,2 milliard so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlari bajarildi va zamonaviy talablarga mos bo‘lgan 1327 ta o‘rin foydalanishga topshirildi.
Ta’kidlash joizki, sanatoriylarda sog‘lomlashtirilgan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 43 ming nafarni tashkil etib, 20 foizga ortdi, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul taqdim etiladigan asosiy oziq-ovqat va gigiyena vositalari soni 15 tadan 19 tagacha oshirildi, nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul beriladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining ro‘yxati 22 turdan 27 tagacha ko‘paytirildi.
Shu bilan birga, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida vakolatli davlat boshqaruvini yo‘lga qo‘yish maqsadida, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi.
Xususan, Harakatlar strategiyasini 2021 yil «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang ravishda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularni mehnat faoliyatiga keng jalb qilish orqali hayot sifati va darajasini oshirish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida 2021 yilning 21 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Ushbu tashabbuslar, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida ham izchil davom ettirilishi belgilandi. Xususan, 2022 yil 1 yanvardan boshlab Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya berilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, 2022 yilning 1 fevralidan boshlab Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufida professional ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda barcha hududlardagi kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha har chorakda qisqa muddatli kurslarni tashkil etilishi belgilab berildi.
2022 yil 1 iyuldan boshlab esa, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy faolligini oshirish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlariga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tavsiya etilgan kasblar va ularning qiziqishlaridan kelib chiqib, ushbu shaxslarni kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha davlat yoki nodavlat ta’lim tashkilotlariga mablag‘ yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, ushbu toifaga kiruvchi yoshlarning ta’limning barcha bosqichlarida uzluksiz bilim olishlarini ta’minlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarida ular uchun alohida davlat grantlari ajratildi. Jumladan, o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni xorijning nufuzli oliygohlarida ta’lim olishlari uchun ajratilgan «El yurt umidi» jamg‘armasi hisobidan har bir yo‘nalish bo‘yicha ajratilgan garantlardan 20 nafargacha o‘rin aynan imkoniyati cheklangan yoshlar uchun ajratilishi belgilab berildi.
Natijada, bugun yurtimizda inson manfaatlarini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan odilona siyosat va tashabbuslar barcha yurtdoshimizni birdek quvontirmoqda. Yaratib berilgan bu kabi imkoniyatlardan unumli foydalanib har bir yurtdoshimiz hayotda o‘z maqsadlari ro‘yobida yangi yutuqlarga erishmoqda. Bu esa, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiquvchi xalq va davlat birdamligining amaldagi ifodasi demakdir.
Farrux Abduhamidov,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
bo‘lim boshlig‘i