French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam ko‘rsatilmoqda (+video)
19:31 / 2025-08-19

Yurtimizda aholining, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni sog‘lom turmush sharoitiga qaytarish, turli kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda Navoiy viloyatida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan tuman va shaharlarda istiqomat qiluvchi 49 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Jumladan, 3710 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs reabilitatsiya qilishning texnik vositalari va protez-ortopediya mahsulotlari bilan ta’minlangan bo‘lsa, 1650 nafari Navoiy viloyati nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazida reabilitatsiya dasturini o‘tab, o‘zining funksionalligi va sog‘ligini tikladi. Shuningdek, 1077 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning bandligi ta’minlanib, 729 nafar nogironligi bo‘lgan bolaga Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyasining xulosalari asosida o‘qishga tavsiya berildi. 803 nafari sog‘lomlashtirilib, nogironlik guruhi yengillashtirildi yoki bekor qilindi.

[gallery-24803]

– Markazimiz 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatiladi, – deydi Navoiy viloyat nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi vrach-reabilitologi Surayyo Hikmatullayeva. – Ularga faqatgina dori-darmonlar bilangina emas, fizioterapiya bilan yo‘qotilgan faoliyatini tiklashga harakat qilinadi yoki jismoniy tarbiya yordamida ularning “dangasalikka moslashib qolgan” organizmini faol hayotga qaytarishga, harakatlanishga harakat qilamiz. Bemorlarimiz insult olishsa yoki kasalliklarning asorati sifatida ularga nogironlik guruhlari belgilanadi. Ular yaxshi bo‘lib ketolmayman, kasallikning asoratlari butun umr saqlanib qoladi, deb o‘ylashadi. Lekin aslida bunday emas. Bu yerga kelgandan keyin yordam ko‘rsatishimiz natijasida sekin-asta ishlamayotgan a’zolari, ishlamayotgan funksiyalar sekinlik bilan tiklanib boradi. Shunga yordam beramiz. Har xil treninglar o‘tkaziladi. Individual yordam beriladi. Bu yerda ijtimoiy xona ham faoliyat yuritiladi. Kasbga o‘qitish, mehnatga o‘rgatish, ergoterapiya mashqlari, ya’ni barmoqlardagi yo‘qolib qolgan sezgilarini qayta tiklashga yordam beriladi. Bundan tashqari, bemorlarga protezlarni qo‘yib, ulardan qanday foydalanish kerakligi o‘rgatiladi. 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufidagi Navoiy viloyat nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi barcha kerakli zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar hamda laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan. Shuningdek, qo‘shimcha 20 nafar fuqaroning qatnoviga mo‘ljallangan ambulator xizmati yo‘lga qo‘yilgan.

– Mahallamizdagi ijtimoiy xodim tavsiyasiga asosan keldim, – deydi Muslima O‘roqova. – O‘n kundan buyon davolanayapman. Sog‘ligimda o‘zgarish bor. Oyoqlarim oqsardi. Oyog‘im yaxshi bo‘ldi. Belimdan ikki marta operatsiya bo‘lganman. Elektrofarez, massaj olayapman. Muassasada tibbiyot xodimlari yaxshi qarashayapti. 

Bu yerda har yili o‘rtacha 2500 nafarga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar reabilitatsiya dasturini o‘taydi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning reabilitatsiya o‘tashi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochish maqsadida adaptiv sport turlariga moslashtirilgan sport maydonchasi va salomatlik yo‘lagini tashkil etish rejalashtirilmoqda. 

Shuningdek, markazda yangi 28 turdagi jismoniy davolash va fizioterapiya jihozlari bilan ta’minlash, maxsus yo‘laklar va vorkaut tashkil etish ko‘zda tutilgan.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YTrFR_1TnLs" title="Nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam ko‘rsatilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari