Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratiladi
10:37 / 2024-07-19

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab:

konsolidatsiyalashgan byudjet mablag‘lari, davlat ishtirokidagi korxonalar mablag‘lari va boshqa markazlashtirilgan manbalar hisobidan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlar mablag‘lari hisobidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan shaharsozlik faoliyati ob’ektlarining shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi nogironligi bo‘lgan shaxslarga sharoitlar yaratish bo‘yicha shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi;

har yili "Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda" respublika jamg‘armasi mablag‘larining kamida 10 foizi chorrahalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar (piyodalar) uchun xavfsiz va to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlariga yo‘naltiriladi. Bunda to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari har yili 1 noyabrga qadar Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan chorrahalarni nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish dasturi asosida amalga oshiriladi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab, faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya berishda ob’ektda shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘siqlarsiz muhit yaratilganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasini olish talab qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:

har yili 1 noyabrga qadar keyingi yil uchun o‘zining hududidagi kamida bittadan ko‘chani nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish loyihasini ishlab chiqib, uning qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlarini amalga oshiradi;

2024 yil 1 dekabrga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslarning qulay va to‘siqlarsiz harakatlanishlari uchun shaharsozlik norma va qoidalari talablari asosida ko‘chalarni moslashtiradi.

2026 yil 1 yanvarga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakatlanishi uchun respublikaning barcha hududlarini qamrab oluvchi to‘siqlarsiz muhit yaratilgan ob’ektlarni aniqlash imkonini beruvchi "Interaktiv xarita" axborot tizimi ishga tushiriladi.

2024 yil 1 oktyabrdan boshlab Toshkent shahri va xalqaro avtobusda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini, 2025 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlararo, shahar atrofi, tumanlararo (shaharlararo) avtobusda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini joylashtirish uchun tenderlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhitni ta’minlovchi uskunalar bilan jihozlangan avtobuslarga ega bo‘lgan tashabbuskorlar ishtirok etadi.

2024 yil 1 sentyabrga qadar vazirlik va idoralar, ularning hududiy bo‘linmalari hamda tizim tashkilotlarida bir nafar rahbar o‘rinbosari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratilishi bo‘yicha mas’ul etib belgilanadi hamda uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklanadi:

nogironligi bo‘lgan xodimlar qulay va to‘siqlarsiz harakatlanishlari hamda mehnat qilishlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnat sharoitlarini yaratib berish;

binolarga kirish va chiqishda nogironligi bo‘lgan shaxslar qulay va to‘siqlarsiz harakatlanishi uchun sharoitlar yaratilishini tashkil etish;

nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qabul qilishda ularga qulayliklar yaratish uchun zarur mutaxassis va jihozlar bilan ta’minlash;

ob’ektlarda qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilganda nogironligi bo‘lgan shaxslarga sharoitlar yaratish bo‘yicha shaharsozlik norma va qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash.

2025 yil 1 yanvardan boshlab:

vazirlik va idoralar, ularning tizim tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar fuqarolar qabuli va sayyor qabullarni o‘tkazishda majburiy tarzda surdotarjimon ishtirokini ta’minlaydi;

vazirlik va idoralar, ularning tizim tashkilotlari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha bir nafar xodimi surdotarjimonlik kurslarida o‘qitiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning transportda harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab:

shahar yo‘lovchi transportida I guruh nogironligi bo‘lgan shaxs va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga bepul xizmat ko‘rsatiladi;

I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning shaxsiy avtotransport vositalarini moslashtirish xarajatlarining 50 foizi (bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha bo‘lgan miqdorda) Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarning bino-inshootlar, transport va axborot-kommunikatsiya vositalaridan to‘siqiz foydalanishlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan qulayliklarni yaratish majburiyati bajarilmaganligi holatlari yuzasidan ma’muriy jazo choralari qo‘llaniladi.

O‘zA