French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, istisno etish, chetlatish, cheklash taqiqlanadi
13:34 / 2023-11-09

Mamlakatimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, ayniqsa nogironligi bo‘lgan shaxslarga hayotda teng imkoniyat va sharoitlar yaratish muhim masalalardan sanaladi.

2020 yil 15 oktyabrda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari belgilab berildi. Imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini kafolatlashga oid qator masalalar qonun darajasida belgilandi. 2021 yilda esa O‘zbekiston parlamenti tomonidan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.  

Mazkur Konvensiya nogironligi bo‘lgan shaxslarning tenglik asosida barcha inson huquqlarini to‘liq amalga oshirishlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ta’minlashga qaratilgan.  

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va targ‘ib etish” mavzusida o‘tkazilgan seminarda shu haqda so‘z yuritildi.  

Ombudsman nogironligi bo‘lgan shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish va ular huquqlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratayotgani qayd etildi. Ombudsmanga 2022 yilda nogironligi bo‘lgan shaxslardan 96 murojaat kelib tushgan, ulardan 76 tasi nazoratga olingan. Ushbu murojaatlarning aksariyati ijobiy hal qilinib, murojaatchilar huquqlari tiklangan.  

Ombudsman aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga berilgan turar-joy binolaridagi, shuningdek, “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uylaridagi sharoitlarni ham o‘rganib, tegishli tashkilotlarga o‘z xulosalarini kiritib bormoqda.  

Joriy yildagi o‘rganishlarda internat uyida yashab kelayotgan bir guruh nogironligi bor insonlar 20-30 yillar avval tibbiy varaqa orqali Muruvvat uyiga qabul qilingani va hozirga qadar ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘q ekani aniqlangan. Mazkur masala respublika miqyosida o‘rganilib, Ombudsman tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar manfaatida fuqarolikni belgilashni so‘rab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga ariza kiritilgan va ularning 50 nafardan ortig‘iga ID-karta rasmiylashtirilgan.  

Qolaversa, 2022 yilda Ombudsman tomonidan Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda qiynoqlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan natijadorlikka erishish, shuningdek, nogironligi tufayli erkin harakatlana olmaydigan mahkumlarga (mahbuslarga) yaratilgan shart-sharoitlarni xalqaro me’yorlarga muvofiqlashtirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.  

Hozirda mazkur hujjat ijrosi natijasida ko‘plab penitensiar muassasalarning kirish joylariga tegishli standartga muvofiq panduslar o‘rnatilgan. Kutubxonalar Brayl alifbosidagi kitoblar bilan boyitilgan, yuvinish xonalarida ham maxsus sharoitlar yaratildi.  

Ombudsman Feruza Eshmatova “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasida nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyili aks ettirilgani, unga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal ko‘rish holatlari, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning ob’ektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlanishiga alohida urg‘u berdi. Shuningdek, bu jarayonda Ombudsman va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamkorligini kuchaytirish lozimligini ta’kidladi.    

Ombudsman tizimi xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etgan tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

N.Abduraimova, O‘zA