English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuziv yechimlar muhokama qilindi
11:10 / 2026-01-23

Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moliyaviy inklyuziya forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi, Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi, shuningdek, tijorat banklari va to‘lov tizimlari vakillari ishtirok etdi.

Forum O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sishi va ijtimoiy adolatni ta’minlash maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxslarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi.

Mazkur tadbir nogironligi bo‘lgan fuqarolarning moliyaviy xizmatlardan teng va barqaror foydalanishini ta’minlash, shu orqali ularning iqtisodiy faolligi hamda jamiyat hayotidagi ishtirokini oshirishga qaratilgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi.  

Forum doirasida moliyaviy xizmatlardan foydalanishdagi mavjud to‘siq va muammolar, bank va to‘lov xizmatlarining jismoniy hamda raqamli qulayligini oshirish, shuningdek, moliya sektorda inklyuziv muhitni shakllantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirga taklif etilgan mahalliy va xalqaro ekspertlar inklyuziv moliyaviy xizmatlarni joriy etish bo‘yicha o‘zlarining amaliy tajribalari, samarali yondashuvlari va innovatsion yechimlarini taqdim etdi. Muhokamalar davomida bank infratuzilmasi va bankomatlarni nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish, xizmatlar sifatini oshirish hamda inklyuziv moliyaviy mahsulot va xizmatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, Kapitalbank tomonidan «Teng imkoniyatlar» inklyuziv dasturi taqdim etildi. Ushbu dastur bank filiallari infratuzilmasini moslashtirish, xodimlar malakasini oshirish va nogironligi bo‘lgan mijozlar uchun maxsus moliyaviy mahsulot va xizmatlarni joriy etishni nazarda tutadi. Shuningdek, Paynet kompaniyasi o‘zining elektron to‘lov platformalari va agentlik tarmog‘i orqali nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moliyaviy xizmatlardan qulay foydalanishni ta’minlashga qaratilgan amaliy loyihalarini taqdim etdi. Forum doirasida, shuningdek, 2026 yilga mo‘ljallangan inklyuziv tashabbuslar ham e’lon qilindi.

Xalqaro tashkilotlar o‘z taqdimotlarida inklyuziv dizayn, xalqaro standartlarga muvofiqlik va moliya institutlari salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu ilg‘or tajribalar Markaziy bankning moliyaviy inklyuziya sohasidagi siyosatini yanada takomillashtirishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2025 yilda Markaziy bank tomonidan 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan Moliyaviy ommaboplik milliy strategiyasi tasdiqlangan. Unda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan alohida yo‘nalish va chora-tadbirlar belgilangan. Mazkur strategiya ijrosi doirasida Markaziy bank va Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha alohida Yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA