Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nogironligi bo‘lgan shaxslar parvarishi bilan band bo‘lgan fuqarolar moddiy qo‘llab-quvvatlanadi
11:46 / 2022-03-01

O‘tgan besh yilda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida yangi bir davrga qadam qo‘ydi. «Inson – jamiyat – davlat» tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlarning har bir bosqichida inson qadrini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Buni birgina nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

Hozirda respublikamizda 800 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinib, chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Natijada nogironlik ijtimoiy himoya yoki tibbiyot muammosi emas, balki birinchi navbatda, inson huquqlari masalasi sifatida kun tartibiga qo‘yildi.

bugungi kunda respublikamizdagi 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ta’limning barcha bosqichida ilm olib kasb o‘rganish imkoniyatlari yaratildi. 

Xususan, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilish jarayonida umumiy qabul sonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda ikki foizlik kvota ajratish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, 2017 yil 1 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni, 2020 yildagi O‘zbekiston Respublikasining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi.

Yaqinda qabul qilingan, «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni esa boshlangan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. 

2022 yil 1 apreldan boshlab mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda amaldagi 440 000 so‘mdan 622 000 so‘mga oshirildi. Shu bilan birga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 000 so‘m miqdorida nafaqa to‘lovi to‘lanishi tizimi ham joriy etiladi.

Buning uchun 2022 yil 1 apreldan boshlab o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalar to‘g‘risidagi, 1 oktyabrdan boshlab esa o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalarning qonuniy vakillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga elektron shaklda taqdim etib boriladi.

Quvonarlisi, joriy yilning oktyabr oyidan boshlab 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar va odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga to‘lanadigan nafaqalar hamda parvarishlash nafaqasini fuqarolarga qo‘shimcha hujjatlarni talab etmagan holda «proaktiv shakl»da to‘lash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bu esa birinchi navbatda imkoniyati cheklangan fuqarolarga, shu bilan birga, ularni parvarish qiluvchilarga ortiqcha ovoragarchilik va byurokratik to‘siqlarsiz yaratib berilgan imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanish imkonini beradi.

Maxfirat XUSHVAQTOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati