Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nogironligi bo‘lgan shaxslar manzilli qo‘llab-quvvatlanmoqda (+video)
18:33 / 2025-10-06

Ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan shaxslarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish hamda ularning bandligini ta’minlashda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va mahalladagi ijtimoiy xodimlar bugun ishonchli ko‘makchiga aylanmoqda.

Bunda davlatimiz rahbarining 2025 yil 8 maydagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni dasturilamal vazifasini bajarmoqda.

Hozirda my.ihma.uz platformasi ishga tushirilgan bo‘lib, tadbirkorlar tomonidan mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun vakansiyalar e’lon qilinib borilmoqda.

– Platforma orqali tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashganlarni bazaga kiritib bormoqdamiz, – deydi Navoiy shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi sho‘’ba mudiri Baxtiyor Muhammedov. – Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan yaratilgan yangi ish o‘rinlariga beshtagacha eshitish yoki so‘zlashishda nuqsoni bo‘lgan shaxslarni ishga olgan tadbirkorlar uchun surdo tarjimon va qarovchilik xizmatlari uchun ajratiladigan subsidiya mablag‘lari mavjud. Bundan tashqari, umumiy ishchilar sonining 25 foizi yoki to‘rttadan kam bo‘lmagan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik sub’ektlariga 500 million so‘mgacha subsidiya mablag‘lari ajratiladi. Shuningdek, tashkilot va korxonani nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish uchun 50 million so‘mgacha mablag‘ ham ajratiladi. 

Prezident farmoni qabul qilingach, viloyatda oxirgi uch oy davomida my.ihma.uz dasturida 189 ta tadbirkorlik sub’ektlari ro‘yxatdan o‘tdi va 1346 ta vakansiya yaratildi. 

– Bugungi kunda aholiga foto elektr stansiyalari va quyosh suv isitgichlarini o‘rnatib, yetkazib berib kelmoqdamiz, – deydi “Solar energy Navoiy” MCHJ ish yurituvchisi Charosxon Nurmonova. – Navoiy shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlab kelmoqdamiz. Hozirgacha 6 nafar shaxsni ishga qabul qilganmiz. Bu ishchilarimizga belgilangan tartibda sharoitlar yaratib berilgan. Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlarga keng imkoniyatlar berilmoqda. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni tadbirkorlar ishga olganda bir qator imtiyoz va prefensiyalar mavjud. Bu imkoniyatlar tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. 

Dastur ishga tushgach, 1371 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestrdan ro‘yxatdan o‘tib, shundan 402 nafari ishga joylashtirildi. 

Isomiddin To‘xtayev baxtsiz hodisa tufayli oyog‘ini sindirib oldi va nogiron bo‘lib qoldi. Mahalladagi ijtimoiy xodim ko‘magida ishga tushirilgan dastur orqali ro‘yxatdan o‘tgach, “Solar energy Navoiy” MCHJga ishga joylashdi.

– Oyog‘imni sindirib qo‘ygandan keyin olti oy to‘shakda yotdim, – deydi Isomiddin To‘xtayev. – “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi menga ish bilan ta’minlashda yordam berdi. Ish joyimizda barcha sharoitlar mavjud. Jamoamiz inoq. Kelajakda alohida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish niyatim bor. Odam harakat qilishi kerak ekan. Oldin faqat nafaqaga qarab o‘tirardim. Endi o‘zim mehnat qilib, daromad topyapman.

Joriy yilning 9 oyi davomida viloyatda 3 ming 389 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaro doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 4 ming 231 nafar fuqaro 30 turdagi protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlandi. 497 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar esa adaptiv sport turlariga jalb qilindi. Viloyatda nogironligi bo‘lgan shaxslarni sog‘lom muhitga moslashtirish, ularni kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar davom etmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/PryH9E0gTPI" title="Nogironligi bo‘lgan shaxslar manzilli qo‘llab-quvvatlanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri