Andijonda viloyat hokimligi, adliya boshqarmasi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat bo‘limlari hamkorligida, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning dolzarb masalalari” mavzusiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Xalq deputatlari viloyat kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha Jamoat komissiyasi a’zolari, nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Rahmatullo Arziyev, Xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyat mudiri Nasibaxon To‘ychiyeva, Xalq deputatlari viloyat kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi raisi Muqaddasxon Sultonova, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi viloyat bo‘limi rahbari Zarifaxon Ahmedova va boshqalar tomonidan mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ijtimoiy muhofazasi, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Jumladan, mazkur yo‘nalishda viloyatdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari samarali faoliyat olib borayotganligi alohida qayd etildi.
– Seminarning asosiy maqsadi, viloyatdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan. Qolaversa, bu boradagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, jamiyatlar faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirishga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat bo‘limi rahbari Farhodbek Otaxonov.
Seminarda O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati Andijon viloyati bo‘limlari rahbarlarining 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axborotlari tinglandi.
[gallery-27702]
Mutasaddi va mutaxassislar tomonidan axborotlar, jamiyatlar faoliyati samaradorligini oshirish, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, muammolarni hal qilish, davlat, nodavlat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklik borasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Qiziqarli muloqot va munozara tarzida o‘tgan seminar ishtirokchilari mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar oldi.
Seminar yakunida nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish va yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.