Kuni kecha Toshkent davlat yuridik universitetida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini tadqiq etish va himoya qilish markazini yaratish” loyihasi doirasida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Trening O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti va Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida amalga oshirildi.
Dunyoda bir milliarddan ortiq odam, ya’ni yer yuzi aholisining taxminan 15 foizi, nogironlikning biror turiga ega. 2025 yil birinchi choragi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 1 million 31 ming 609 nafarni yoki O‘zbekiston aholisining 2,7 foizini tashkil etadi. Shu ma’noda seminar-trening maqsadi Markazning strategik ustuvor yo‘nalishlarini xabardor qilish uchun turli istiqbollarni jamlash, manfaatdor tomonlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonda nogironlik huquqlari bo‘yicha tadqiqot va targ‘ibotni rivojlantirishdagi asosiy muammolar va istiqbollarni aniqlashga qaratildi.

Qayd etilganidek, nogironligi bor bolalar sog‘lom bolalarga nisbatan maktabga kamroq qatnaydi. Nogiron va sog‘lom bolalar o‘rtasidagi boshlang‘ich maktabga borish darajasidagi farq Hindistonda 10 foizni, Indoneziyada esa 60 foizni tashkil etadi. Ko‘plab past va o‘rta daromadli mamlakatlarda yordamchi qurilmalar yoki texnologiyalarga muhtoj bo‘lgan odamlarning atigi 5-15 foizigina ularga ega bo‘ladi. Kam daromadli mamlakatlarda nogironligi bor ayollarning faqat 20 foizi ish bilan ta’minlangan, nogironligi bor erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 58 foizni tashkil etadi. Nogironligi bor shaxslar zo‘ravonlikka ko‘proq duchor bo‘ladi: ularga nisbatan zo‘ravonlik darajasi nogironligi bo‘lmagan shaxslarga qaraganda 4-10 baravar yuqori. Muammolar – aniq. Demak, amaliy ishlarni kuchaytirish lozim.

Tadbir davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar, davlat organlari vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining keng va inklyuziv ishtirokini ta’minlashga e’tibor qaratildi. O‘zbekistonda nogironlik huquqlari bo‘yicha tadqiqot va targ‘ibotni rivojlantirishdagi asosiy muammolar, kamchiliklar va istiqbollarni aniqlash kabi masalalar muhokama qilindi.

Seminar-trening davomida xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganildi. O‘zbekiston Respublikasida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlashdagi to‘siqlar, muammolar, xalqaro normalar bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan majburiyatlar muhokama qilindi. Yakunda loyiha yuzasidan ijrochilarga amaliy taklif-tavsiyalar bildirildi.
O‘zA