2023 yil 27 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator yangiliklar o‘z aksini topgan.
Qarorda belgilangan vazifalar, ularning ahamiyati yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Hasanova bilan suhbatlashdik.
– Bugunga qadar yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga zarur sharoitlar yaratish borasida qanday ishlar amalga oshirildi, qanday huquqiy asoslar yaratildi?
– Yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning hamma qatori teng bo‘lib yashashlari uchun juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ularni uy-joy bilan ta’minlash, nogiron farzandi yoki oilada nogironligi bor insonlarni parvarish qilayotganlarga mehnat staji yozilishi yo‘lga qo‘yildi.
Bu toifa insonlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingan. BMTning “Nogironlarning huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyasi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilindi.
2021 yil avgust oyida davlatimiz rahbarining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, unda nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, bolalarni reabilitatsiya qilish, to‘laqonli hayot tarzini yuritishga ko‘maklashish hamda imkoniyatlarini oshirish uchun ularni zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash, sohaga axborot kommunikatsion texnologiyalarini joriy etish belgilab berilgan edi. Bu boradagi sa’y-harakatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularga zarur sharoitlar yaratishga xizmat qilayotir.
— 2023 yil 27 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorida qanday chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan?
— Mazkur qaror mamlakatimizda inson huquqlari borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, desak o‘rinli bo‘ladi. Unda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish asosiy maqsad qilingan.
Qaror bilan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar hamda ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi fuqarolarga davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish bo‘yicha imtiyozlar berilishi quvonarli xabar bo‘ldi. Chunki biror joyga borganda uzunqator navbatlarni ko‘rib, hatto sog‘lom odam ham kutishdan charchaydi. Nogironligi bor kishilarni yaqinlari birga olib yuradi. Davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish imtiyozi esa ularga yengillik yaratadi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslar tibbiyot muassasalarida davolanayotgan paytida ularning yaqinlaridan biri yonida birga bo‘lishi uchun sharoit yaratiladi. Statsionar tibbiyot muassasalarida nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan shaxsga mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga g‘amxo‘rlik qiluvchi shaxslar (ota-onasi va boshqalar) uchun davolash davrida davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bepul ovqatlanish kabi yengilliklar berilgani nogironligi bor oilalarni ham ruhan, ham moddiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda hayotiy voqealar ko‘z oldimda gavdalandi. Maktabda ishlab yurgan vaqtimda bir hamkasbimizning farzandi nogiron edi. Ona bechora farzandi nogiron bo‘lganidan shunchalar ezilardi. Uni Toshkentga olib kelib davolatish maqsadida maktab direktoridan ruxsat so‘rashga qiynalar va iymanardi. Davolanishda qoldirgan ish kunlarini esa boshqa payt ikki hissa ishlab berishga harakat qilardi. Bu kabi holatlarga saylovchilarimiz bilan suhbatlashganimizda ham duch kelamiz.
Qarorga ko‘ra, endilikda “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi ishga tushiriladi. Bu esa nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya texnik vositalariga muhtoj bo‘lgan shaxslarning shaffof elektron navbat tizimini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu bilan tanish-bilishchilik, adolat mezonlarining buzilishiga barham beriladi.
Muxtasar aytganda, ushbu qaror o‘z mazmun-mohiyati bilan qalbi o‘ksik minglab insonlarning ertangi kunga umid va ishonchini oshiradi.“Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yiliga hamohang tarzda inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan hujjat ekanligi bilan ahamiyatlidir.
Muhtarama Komilova suhbatlashdi.
O‘zA