Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida nogironligi bo‘lgan shaxslarga alohida e’tibor qaratilgan. Buni amalda ta’minlash uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 50 ga yaqin davlat va ijtimoiy xizmatlar joriy etilgan.
Bu xizmatlardan ular qanday foydalanmoqda? Bu savolga Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Abdullayev javob berdi:
– Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ta’lim, bandlik, ijtimoiy va boshqa sohalarda to‘laqonli qatnashish uchun imkoniyat yaratilgan. Ularga davlat xizmatlari ko‘rsatishda maksimal qulaylik yaratish maqsadida Adliya vazirligi tizimidagi davlat xizmatlari markazlarida zarur shart-sharoit ta’minlangan.
Bu borada qator imtiyozlar ham belgilangan bo‘lib, ular teng imkoniyatlarni ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan 2021 yil 1 noyabrdan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlar bo‘yicha 50 foiz miqdorida chegirma qo‘llanilishi belgilangan.
Davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish maqsadida davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda ko‘rsatish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Eng muhimi shundaki, o‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun to‘lov undirilmasligi belgilandi.
Nogironligi bo‘lgan shaxsning va tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilaning elektron onlayn-auksion orqali yer uchastkasini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish, o‘qish, yashash va transport xarajatlarini qoplash, asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratish kabi davlat xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.
Raqamlashtirish jarayonlarining jadallashishi davlat xizmatlarining barcha toifadagi fuqarolar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham qulay bo‘lishiga olib keladi.
Bundan tashqari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va ma’lumotlarni raqamlashtirish jarayonida nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ularning murojaatisiz (proaktiv xizmatlar) ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.
Misol uchun, 18 yoshgacha nogiron bolaga beriladigan, 18 yoshga to‘lmagan nogiron bolani parvarish qilayotgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqalar shular jumlasidandir.
Bu kabi davlat xizmatlari sonini oshirib borish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Jumladan, Adliya vazirligi tomonidan Ijtimoiy himoya agentligi bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ular bilan bog‘liq bo‘lgan barcha davlat xizmatlarini nogironlikni belgilash vaqtida kompozit tarzda ko‘rsatish tartibini joriy etish ustida ish olib borilmoqda.
Davlat xizmatlari markazlari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuziv muhitni yaratish uchun moslashgan. DXMlarning zamonaviy binolari pandus, maxsus kutish joylari bilan jihozlangan hamda surdo tarjimon planshetlari va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida boshqa xizmat ko‘rsatish sharoitlari yaratilgan.
DXMlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksa va homilador ayollarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish navbatsiz amalga oshirilmoqda.
Bularning barchasi har bir fuqaro jismoniy yoki ruhiy xususiyatlaridan qat’i nazar, teng imkoniyatlarga ega bo‘lgan va jamiyat hayotida to‘liq ishtirok etadigan yanada inklyuziv jamiyatni yaratishga qaratilgan.
Norgul Abduraimova,
O‘zA