Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida xalqimiz, jumladan, ijtimoiy yordamga muhtoj, nogironligi bo‘lgan insonlarga amaliy yordam ko‘rsatish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek bugungi kunda yurtimizda barcha sohalarda islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi olib borilayotgan davlat siyosati 2023 yil 30 aprel kuni umumxalq referendumi orqali qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb atalishi buning yaqqol dalili bo‘ladi.
[gallery-26549]
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 69 ming 847 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 10 ming 730 nafari bolalar tashkil etadi. Davlatimiz tomonidan ushbu toifadagi shaxslarning salomatligini mustahkamlash, ularni sportga jalb etish, ular uchun munosib sharoitlar yaratish va bandligini ta’minlash borasida bir qancha amaliy ishlar olib borildi.
Xususan, 1 ming 317 nafar fuqaro reabilitatsiya markazida salomatligi tiklanishiga erishildi. 7 ming 706 nafar shaxs protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan bepul ta’minlandi. Bu ishlar uchun davlat byudjetidan 10,4 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
6 ming 163 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning bandligi ta’minlandi. 1 ming 903 nafar alohida ta’limga muhtoj bo‘lgan bola psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyasi tekshiruvidan o‘tkazildi.
Respublikadagi nogironligi bo‘lgan 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 8 ming 385 nafar bola ta’lim muassasalariga qamrab olindi. Shu bilan birga, umumta’lim maktablarida 208 ta inklyuziv sinf tashkil etilib, ulardagi 261 nafar bola uchun 6 ta korreksion sinflar tashkil etilib, 52 nafar nogironligi bo‘lgan bola ta’lim olmoqda. Shuningdek, 23 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida 60 ta inklyuziv guruh tashkil etilib, ularda 122 nafar bola tarbiyalanmoqda.
Prezident qarori asosida nogironligi bo‘lgan bolalarni jamiyatga jalb qilish hamda salomatligini tiklash maqsadida 41 ta joyda “Kunduzgi parvarish xizmati” tashkil etildi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarning ta’lim olishi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida “Ijtimoiy taksi” xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda ushbu xizmatdan ixtisoslashtirilgan maktab internatlari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda inklyuziv sinflarda ta’lim olayotgan 44 nafar nogironligi bo‘lgan bola foydalanib kelmoqda.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarning turlari va qamrovini kengaytirish orqali oilalarning ishlash imkoniyatini cheklovchi omillarni bartaraf etish maqsadida “Faol hayotga qadam” dasturi asosida kunduzgi parvarishlash xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu xizmatlar orqali 1 ming 807 nafar fuqaro qamrab olindi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 1 ming 411 nafar yolg‘iz va yolg‘iz yashovchi hamda nogironligi bo‘lgan shaxsga 180 nafar ijtimoiy assistent mutaxassis biriktirilib, ularga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatib kelinmoqda. 3 ming 12 nafar voyaga yetgan va nogironligi bo‘lgan fuqaroga sanatoriylarga yo‘llanma berildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni adaptiv sportga qamrab olish maqsadida 25 ta sport markazida 15 ta para sport turidan to‘garak tashkil etilgan bo‘lib, ularda 600 nafardan ortiq parasportchi shug‘ullanib kelmoqda. Joriy yil davomida qoraqalpog‘istonlik para sportchilar tomonidan jahon chempionatlari va xalqaro turnirlarda 55 ta oltin, 54 ta kumush, 55 ta bronza, jami 164 ta medal qo‘lga kiritildi.
Tadbir doirasida sana munosabati bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarga sovg‘alar topshirildi.
San’atkorlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar hamkorligidagi inklyuziv konsert dasturi ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari