Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligi: yangi imkoniyatlar va islohotlar davri
15:52 / 2025-09-25

2025 yil 8 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish va bandligini ta’minlash sohasidagi islohotlarning navbatdagi muhim bosqichini boshlab berdi.

Jizzax viloyati G‘allaorol tumani “G‘o‘bdin” qishloq fuqarolar yig‘ini Xo‘jakabut qishlog‘ida yashovchi I guruh nogironligi bo‘lgan Barno Narzullayeva o‘z faoliyati bilan ushbu davlat siyosati samaradorligini namoyon etmoqda.

U Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining “Xattotlik va miniatyura” yo‘nalishi talabasi sifatida ta’lim olmoqda. 2017 yildan beri yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, “Hunarmand” uyushmasining faol a’zosi bo‘lib, besh nafar nogironligi bor shaxslarni ish bilan ta’minladi.

Barno Narzullayeva o‘zining ijodiy faoliyati davomida qator tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan. U “Tashabbus – 2018” respublika bosqichi g‘oliblaridan biri bo‘lib, 2019 yilda o‘tkazilgan “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” tanlovida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, “Jasorat” medali, “Jizzax iftixori” hamda “Tashabbuskor islohotchi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. “Tasviriy va amaliy san’at” festivalida esa bronza medaliga sazovor bo‘lgan.

2025 yilgi saylovlar natijasiga ko‘ra, Barno Narzullayeva Xalq deputatlari G‘allaorol tuman Kengashi deputati etib saylandi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish yo‘lida faollik bilan ish olib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni asosida mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimi takomillashtirilib, ularni ijtimoiy hayotga faol jalb etishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon, xususan, iqtidorli va faol yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar orqali o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishiga xizmat qilmoqda.

Barno Narzullayeva singari tashabbuskor shaxslar faoliyati orqali mamlakatimizda barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratilayotgani, ijtimoiy himoya va inklyuziv siyosat izchil amalga oshirilayotgani o‘z ifodasini topmoqda. Natijada nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatdagi o‘rni va roli yanada mustahkamlanib, ularning bandligi va ijtimoiy faolligi ta’minlanmoqda. 

Abdujalol Qayumov, O‘zA