Mamlakatimizda nogiron, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, turmush farovonligini yaxshilash, ularning to‘laqonli hayot kechirishi, ayniqsa, yo‘llarda erkin harakatlanishi uchun turli qulaylik va shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Nogironlar assotsiatsiyasi Andijon viloyat bo‘limi qator tashkilotlar bilan hamkorlikda viloyatdagi yo‘llar, chorrahalar, bekatlar, bozorlar, savdo majmualari va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur qulaylik va shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilagan.

Ana shu tadbirlar doirasida mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etish va nazorat qilish bo‘yicha tuzilgan Ishchi guruhlar tomonidan viloyat hududidagi yo‘llar, piyodalar yo‘lakchalri, avtoturargoh, avtomobil to‘xtash joylari, umumiy ovqatlanish, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari va yo‘lovchi tashish transport vositalari, bozorlar, savdo va xizmat ko‘rsatish inshootlarida nogironlar uchun maxsus joylar tashkil etish, yo‘l belgilari o‘rnatish, yotiq chiziqlar joriy etish borasidagi ishlar o‘rganib borilmoqda.

–Bugungi kunda hududlar, turli inshootlarda jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga qulayliklar yaratish masalasiga ko‘plab mutasaddilar, mas’ullar yetarli darajada e’tibor qaratayotgani yo‘q, – deydi O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘limi rahbari Oybek Abdurahmonov. – Natijada ana shu toifadagi kishilar qiynalmoqda. Hamkor tashkilotlar vakillari bilan Andijon shahridagi qator ob’ektlarda ana shu yo‘nalishdagi ishlarning ijrosi qonunchilik talablari asosida o‘rganib chiqildi. Ming afsuski, ko‘plab ob’ektlarda nogironligi bor insonlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmagan, mavjudlari ham talab darajasida emas.

Jumladan, Ijtimoiy himoya agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya hamda Andijon viloyat transport boshqarmasi hamkorligida Andijon shahridagi avtobuslarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan qulayliklar va xizmat ko‘rsatish holati yuzasidan o‘tkazilgan nazort tadbirida ham ana shunday holatlar aniqlandi.
Tadbir davomida transport vositalariga chiqish-tushish imkoniyatlari, yo‘llarda maxsus belgilarning mavjudligi, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati, to‘siqsiz muhit talablariga amal qilinishi o‘rganildi.

O‘rganishlar davomida ayrim avtobuslarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan panduslarning o‘rnatilmagani, axborot uzatuvchi monitorlar mavjud emasligi, bekatlar haqida e’lonlar berilmasligi, shuningdek, aksariyat haydovchilar xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yetarli malakaga ega emasligi aniqlandi.
O‘rganishlarning yakuniy natijasi bo‘yicha xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli tartibda xat va taqdimnomalar kiritildi. Ishchi guruh tomonidan bu boradagi ishlar nazoratga olinmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari