Poytaxtimizdagi “INNO” o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida nogironligi bo‘lgan ayollar o‘rtasida Paralimpiya harakatini yanada ommalashtirish, ularni para sport turlariga keng jalb qilish maqsadida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Xotin-qizlar kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.
Musobaqa O‘zbekiston Sport vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Milliy paralimpiya qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.
An’anaviy tarzda tashkil etilgan turnirda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 100 nafarga yaqin kar va zaif eshituvchi, tayanch harakat a’zolari shikastlangan va aravachada harakatlanuvchi hamda zaif ko‘ruvchi, ko‘zi ojiz xotin-qizlar sportning para shaxmat hamda para stol tennisi turlari bo‘yicha o‘zaro raqobatlashdi.
Mazkur tadbir doirasida “Matonat marafoni” ham o‘tkazildi. Unda o‘z sohalarida yuqori natijalarga erishgan nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar musobaqa ishtirokchilariga o‘zlarining muvaffaqiyat yo‘llari haqida so‘zlab berdi.
– Bu kabi sport tadbirlaridan ko‘zlangan maqsad imkoniyati cheklangan insonlarni sport bilan shug‘ullanishga undash va bu orqali ularni yuksak marralar sari olg‘a borishlari uchun imkoniyat yaratishdir, – deydi O‘zbekiston para stol tennisi terma jamoasi murabbiyi Nodira Burxonxo‘jayeva. – Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida gender tengligini ta’minlash, ayollarni Paralimpiya sport turlariga jalb etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasi o‘laroq hozirgi kunda O‘zbekiston Paralimpiya terma jamoalari a’zolarining 40 foizini ayollar tashkil etadi. Ayniqsa, para yengil atletika, para pauerlifting, para taekvondo, para suzish, para dzyudo kabi sport turlarida o‘zbekistonlik ayollar yuqori o‘rinlarni egallab kelayotir.
Darhaqiqat, bugun paralimpiyachi xotin-qizlarimiz orasida dunyo e’tirof etayotgan Guljanoy Naimova, Ro‘za Qo‘ziyeva, Shahnoza Mirzayeva, Mohigul Hamdamova, Nurxon Qurbonova, Asila Mirzayorova, Sofiya Burxanova kabi ayol para sportchilarimizning xalqaro arenalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan ayollarga motivatsiya berib, ularni Paralimpiya sport turlariga jalb etishda namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.
Do‘stona tarzda o‘tkazilgan musobaqada ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan maxsus diplom, medal, kubok hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA