Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan “Hukumat soati”da deputat Maqsuda Vorisova nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratish masalasiga e’tibor qaratdi.
Toshkent shahriga olib kelingan mingta avtobusda nogironlar uchun sharoitlar mavjudligi quvonarli. Ammo viloyatlarda nogironlar uchun ana shunday qulay jamoat transporti qachon yaratiladi?
Xuddi shu kabi bekatlarda ham bu toifadagi yurtdoshlarimiz uchun qulayliklar yaratilishi lozim. Ijtimoiy tenglik prinsipiga amal qilgan holda barcha hududda, barcha toifadagi fuqarolarimizga teng va qulay sharoit yaratish zarur.
Bunga javoban transport vaziri barcha hududda sharoitlar yaratilishini ta’kidladi. Bugungi kunda xarid qilinayotgan avtobuslarga texnik talablar qo‘yiladi. Ya’ni, harakatlanishi cheklangan, nogironligi bor yo‘lovchilar uchun ham mo‘ljallangan avtobuslarni sotib olish topshirig‘i tasdiqlangan. Bugungi kungacha xarid qilingan avtobuslarda ana shunday qulayliklar mavjud. Metro qurilishida ham nogironlarning imkoniyatlarini inobatga olish masalasiga e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, vazirning aytishicha, bekatlarning barchasida ham nogironlar uchun imkoniyat yo‘q. Shahar va viloyatlar rahbarlari bilan birgalikda namunaviy bekat shakli ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Bu namunaviy bekatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun imkoniyatlar, avtobuslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish platformasi yaratiladi.
M.Komilova, O‘zA