O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limining asosiy vazifasi – Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida uyushma a’zolari va davlat organlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga o‘z huquqlarini amalga oshirish imkonini beruvchi shart-sharoitlarni yaratishdan iborat.
Assotsiatsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani hududiy bo‘linmasining “Inklyuziv infratuzilma yaratish” loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan grant g‘olibi bo‘ldi. Loyihaning asosiy maqsadi, tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish orqali aholi, ayniqsa keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun xavfsiz hamda qulay muhit yaratishdan iborat.
Loyiha doirasida Xo‘jayli tumani “Qirqinchi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 10 ta ko‘chaga 93 dona quyosh panelli ko‘cha yoritish chirog‘ini o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.
– Bu tashabbus aholining kundalik turmushini yanada qulay qilish, kechki va tungi paytlarda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, yo‘llarda harakatlanishni yengillashtirishdan iborat. Kelgusida mahalla aholisi kechqurun ham bemalol sayr qilishi, bolalar o‘yin maydonchalaridan foydalanishi va oilalar tinch dam olishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, tungi yoritish tizimining o‘rnatilishi natijasida jinoyatchilikning oldini olish, yo‘l-transport xavfsizligini kuchaytirish, Nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar va ayollar uchun yanada xavfsiz muhit yaratish imkoniyati yuzaga keladi.
Ushbu loyiha nafaqat mahalla aholisi uchun qulaylik yaratadi, balki shahar hududining zamonaviy go‘zal qiyofasini shakllantirish, inklyuziv infratuzilmani rivojlantirish va fuqarolarning turmush darajasini yaxshilashga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani hududiy bo‘linmasining raisi Juldiz Yeshimova.
Hududiy bo‘linma tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbus nafaqat nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun, balki har bir fuqaro uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri