English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nodirbekning o‘rni Karlsenga nasib etdi
08:25 / 2022-12-29

Almati shahrida shahmat bo‘yicha davom etayotgan Jahon chempionatining rapid yo‘nalishi bo‘yicha 13 turdan iborat bahslarning deyarli barchasi yakunlandi.

Taassufki, hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov o‘tgan yili ushbu yo‘nalishda erishgan chempionlik sharafiga bu gal erisha olmadi.

Shiddatli va murosasiz o‘tgan o‘yinlar natijasida klassik yo‘nalishda jahon shahmat toji sohibi norvegiyalik Magnus Karlsen 13 ta imkoniyatdan 10 ochko to‘plab, ushbu yo‘nalishda yangi jahon chempionligiga erishdi.

So‘nggi 13-turda ozarbayjonlik Rauf Mamedov bilan durangga erishgan Nodirbek Abdusattorov rapid bo‘yicha jahon chempionatini 8,5 ochko bilan 10-o‘rinda yakunladi.

Mazkur Jahon chempionati rapid bahslarining o‘zbekistonliklar uchun yana bir qiziqarli uchrashuvi ayollar o‘rtasidagi 9-turda opa-singil grossmeysterlarimiz Nafisa Mo‘minova va Gulruxbegim Tohirjonova o‘rtasida o‘tdi. Nafisa mamlakatimiz sharafini himoya qilgan bo‘lsa, Gulrux AQSH nomidan dona surdi. Ikki davlat bayrog‘i ostida bir-birlariga qarshi dona surgan bahsda murosa yo‘li tanlandi.

Bugun, 29 dekabr kuni Jahon chempionatida qatnashayotgan shahmatchilar blits yo‘nalishidagi musobaqalardagi ishtirokini boshlashadi.

Jahon chempioni 30 dekabrga qadar davom etadi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA