Ushbu savol ko‘pchilikni o‘ylantirayotgani bor gap. Ammo, har ikki shaxmatchining imkoniyatlaridan shuningdek, o‘tgan yillar davomidagi kurashlar natijalaridan kelib chiqilsa, doimgidek bu galgi “duel” ham har jihatdan murakkab kechishi tayin.
Istagimiz, Nodirbek “Tata Steel”, “Norway Chess”, “Chess Superbet Poland 2024” kabi musobaqalarda afsonaviy Karlsenni dog‘da qoldirgan holat takrorlansin.

Bevosita bugungi o‘yinlar xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, jahon shaxmat ishqibozlari e’tibor markazida bo‘lgan “Freestyle Chess Grand Slam Paris” turniri tobora qizg‘in pallaga kirib bormoqda.
Bugun, 10 aprelda nufuzli musobaqaning 1/4 finali ikkinchi kungi musobaqalarida keyingi bosqichga yo‘l oladigan, ya’ni 1-4, 5-8, 9-12-o‘rinlar uchun kurashadigan shaxmatchilar nomi aniqlanadi.

Kecha 1/4 finalning dastlabki kungi uchrashuvlarida kutilgan va kutilmagan natijalar qayd etildi.
Hamyurtimiz N.Abdusattorov ushbu bosqichda qora donalarda Magnus Karlsen qarshiligini yengishga harakat qildi. Biroq, tajribali Karlsen oqlar bilan ilk yurishni amalga oshirishi hamda Abdusattorovning har bir dona surishidagi maqsadlarini oldindan ilg‘ashi natijasida ustunlikka erishdi.

Vinsent Keymer - Yan Nepomnyashiy, Arjun Erigaisi - Xikaru Nakamura, Maksim Vashe-Lagrav - Fabiano Karuana qarama-qarshiligidagi bahslarda durang qayd etildi. Bu esa birinchi kuni qora donalarda, bugun oq donalarda harakatlanadigan Nepomnyashiy, Nakamura va Karuanaga kichkina ustunlikni taqdim etmoqda.

Nodirbek Abdusattorovning bugungi ikkinchi yarim final bahsida oq donalarda o‘yinni o‘tkazishi qandaydir ma’noda yaxshilik alomati bo‘lishi ehtimol. Ammo bunda shaxmatchimizga faqat g‘alaba muhim. O‘yindagi durang holati ham Karlsenni keyingi bosqichga olib chiqadi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 680 ming AQSH dollaridan iborat turnir 14 aprelga qadar davom etadi. Musobaqada g‘olib shaxmatchi 200, 2-o‘rin sohibi 140, 3-o‘rin 100, 4-o‘rin 60, 5-o‘rin 50, 6-o‘rin 40, 7-o‘rin 30, 8-o‘rin 20, 9-o‘rin 15, 10-o‘rin 10, 11 va 12-o‘rindan joy olganlar 7500 AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA