Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nodirbek durangga erishdi va yetakchilikni davom ettirmoqda
22:38 / 2023-01-27

Bugun, 27 yanvar kuni Niderlandiyada davom etayotgan “Tata Steel Chess” xalqaro turniri “Masters” guruhidagi 11-tur o‘yinlarining dastlabki juftliklari ishtirokidagi bahslar yakunlandi.

Ushbu guruhda hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov qora donalarda  niderlandiyalik Anish Giri bilan bahs yuritdi.

Teng kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvning 29-yurishida tomonlar murosa yo‘lini tanladi. Hisob 1/2:1/2 ko‘rinishini oldi. Shu tarzda musobaqada peshqadamlik qilayotgan Nodirbek 7,5, Anish Giri 7 ochkoga ega bo‘ldi. E’tiborli jihati, bugungacha professional shaxmat musobaqalarida Abdusattorov-Anish Giri uch marta ro‘baro‘ kelgan bo‘lsa, har safar durangga erishilgan. Ushbu tenglik ular o‘rtasidagi to‘rtinchi durangdir.

Shuningdek, 11-turning Levon Aronyan-Fabiano Karuana, Din Lijen- Jorden Van Forest o‘rtasidagi uchrashuvlarda ham tenglikka kelishildi.

Kutilayotgan natijalar sarhisobi haqida gapiradigan bo‘lsak, xalqaro turnirda hozircha 6 ochkoga ega Magnus Karlsen – Uesli So to‘qnashuvida qanday natija qayd etilishidan qat’i nazar, Abdusattorov peshqadamlikni saqlab qolaveradi.

Ertaga, 28 yanvar kuni bo‘ladigan 12-tur o‘yinida Nodirbek qora donalarda amerikalik Uesli So bilan bahs yuritadi.  

T. Ro‘ziyev, O‘zA