Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nodirbek Abdusattorov – jahon chempioni!
14:49 / 2021-12-30

“Bu nomni eslab qoling!”

2014 yili “Chess24.com” saytida e’lon qilingan bir maqola “Bu nomni eslab qoling!” deb nomlangan edi. Unda hali 10 yoshni to‘ldirmagan Nodirbek Abdusattorovning Georgiy A’zamov xotira turnirida xalqaro grossmeysterlar Andrey Jigalko va Rustam Husnutdinovni mag‘lub etgan partiyalari tahlil qilingan.

Ekspertlar 9 yoshli shaxmatchimizning iqtidoriga yuksak baho berib, uning kelajagiga ishonch bildirgan. O‘sha payti kuchli raqiblari reytingi bilan Nodirbekning reytingi o‘rtasidagi farq shunday edi:
Abdusattorov (2057) – Jigalko (2600): 1-0; 543 punkt;
Abdusattorov (2057) – Husnutdinov (2495): 1-0; 438 punkt.

Rustam Qosimjonov: “Nodirbek mening 9 yoshimdagidan ko‘ra kuchli o‘ynayapti!”

O‘sha yili o‘n yettinchi jahon chempioni Rustam Qosimjonov bir intervyusida shunday fikr bildirgandi: “Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlangan turnirda to‘qqiz yashar iqtidor egasi Nodirbek Abdusattorovning grossmeysterlarni mag‘lub etgan ikki partiyasini kuzatdim. Shunga amin bo‘ldimki, u mening to‘qqiz yashar paytimdagiga nisbatan kuchliroq o‘ynayapti. Nodirbek erishgan natijalarida to‘xtab qolmasligi kerak. Shaxmatda o‘sish o‘z-o‘zidan ro‘y bermaydi, texnika ustida tinimsiz ishlashi lozim. Qobiliyat, iqtidorning o‘zi hech nimaga kafolat bermaydi”.

Havas uyg‘otadigan qadamlar:

- 5 yoshida 8 yoshgacha bolalar o‘rtasida Toshkent shahar chempioni;
- 8 yoshida bolalar o‘rtasida jahon chempioni;
- 9 yoshida 2 nafar grossmeysterni mag‘lub etish;
- 11 yoshida FIDEning Jahonning 20 yoshgacha eng kuchli 100 shaxmatchisi ro‘yxatidan o‘rin olib, jahon rekordini o‘rnatish;
- 13 yoshida xalqaro grossmeyster;
- o‘smirlar o‘rtasida Jahon terma jamoasi safida;
-14 yoshida O‘zbekiston terma jamoasida kattalar o‘rtasida Jahon shaxmat olimpiadasida ishtirok etish;
- o‘smirlar o‘rtasida Jahon shaxmat olimpiadasi chempioni;
- 15 yoshida Jahon Kubogi uchun kurashish;
- 17 yoshida rapid yo‘nalishida jahon chempioni bo‘lish 
hammaga ham nasib etavermaydi!

Dmitriy Qayumov: “Bu darajadagi ulkan iste’dod sohibini endi uchratishim”

Taniqli murabbiy, marhum xalqaro grossmeyster Dmitriy Qayumov bundan besh yil oldin shunday degan edi: “Nodirbek bilan 7 yoshidan buyon mashg‘ulot olib boraman. 8 yoshida tengdoshlari orasida jahon chempioni bo‘ldi. 10 yoshida 2-o‘rinni oldi. 12 yoshida 13 yoshgacha maktab o‘quvchilari o‘rtasida jahon chempioni hamda blits yo‘nalishida 17 yoshgacha o‘quvchilar o‘rtasida jahon chempioni...

1972 yildan buyon murabbiylik qilaman. Bir qancha xalqaro grossmeyster va xalqaro masterlarni tayyorladim, ammo bu darajadagi ulkan iste’dod sohibini endi uchratishim. Ajabtovur xotira, o‘z ustida ishlashga tiyiqsiz ishtiyoq, dona surayotgandagi mustahkam sportcha xarakter, faqat va faqat g‘alaba uchun o‘ynash!

Nodirbek kelajakda jahon shaxmat toji uchun kurashishga to‘la qodir, deb o‘ylayman. Buning uchun u hozir xalqaro turnirlarda ko‘proq o‘ynashi kerak. Buni amalga oshirish uchun esa homiylar ko‘magi zarur...”.

“Faqat O‘zbekiston uchun o‘ynaydi”

Nodirbekning yutuqlarida hissasi bor insonlarni olamshumul g‘alaba bilan tabriklayman va shaxmat muxlislari nomidan minnatdorlik bildiraman:

Bobosi Abdusattor Ochilov – Narpay tumani Bolg‘ali qishlog‘idagi 38 maktabda uzoq yillar bolalarga dars bergan. Hozir nafaqada. Farzandlarini halol luqma bilan tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun!

Otasi Fazliddin Ochilov – polkovnik, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi o‘qituvchisi. Bolalari qobiliyatini o‘z vaqtida payqab, to‘g‘ri yo‘nalish bergani, mashaqqatlar bilan bo‘lsa-da, Nodirbekning xalqaro musobaqalarda ishtirokiga sharoit yaratib bergani, grossmeysterlik turnirlariga yuborishga mablag‘, imkoniyat topolmay yurganida Rossiya va yana bir necha davlat vakillari “bizning bayrog‘imiz ostida o‘ynasa, to‘kis sharoit qilib beramiz” deganida qat’iy rad etgani, “O‘zbekistondan ketmaydi, faqat O‘zbekiston uchun o‘ynaydi!” deya qaror bergani uchun!

Onasi Marziya Ochilova – o‘qish, ishlash, karera qilishdan voz kechib, butun e’tiborini Nodirbekning iste’dodini parvarishlash, namoyon etishga, rivojlantirishga bag‘ishlagani uchun!

Murabbiyi marhum xalqaro grossmeyster Dmitriy Qayumov – professional shaxmatga to‘g‘ri yo‘naltirib, iste’dodi yanada sayqallashishiga qo‘shgan hissasi uchun!

Birinchi murabbiyi Ravshan Shukurov – shunday iqtidorli shaxmatchini kashf etgani uchun!

 

Husan KARVONLI, 
jurnalist

O‘zA