“Prague International Chess Festival-2024" turniri g‘olibi bo‘lgan Nodirbek Abdusattorov Chexiyada mehnat qilayotgan hamda tahsil olayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashdi.
O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Chexiya poytaxti Praga shahrida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha “Prague International Chess Festival-2024" xalqaro turnirining chempioni bo‘ldi.
Rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov 27-fevraldan 7-martgacha davom etgan xalqaro turnirda 8 ta davlatning 10 nafar grossmeysteri qatorida g‘oliblik uchun kurashdi.
Kecha musobaqaning so‘nggi 9-turida hamyurtimiz Richard Rapportga qarshi dona surdi. Shiddatli o‘tgan o‘yin 0,5:0,5 hisobida durang bilan yakunlandi. Bu, Abdusattorovning turnirni 6,5 ochko bilan nufuzli xalqaro turnir g‘olibligini mustahkamlashga va jahon reytinggidagi ochkolari sonini oshirishga olib keldi.
Ta’kidlash lozim, 5-mart kuni ushbu musobaqaning 7-tur bahslarida Abdusattorov Vinsent Keymerga qarshi dona surib, g‘alabaga erishgandi. 8-turda turnirdagi asosiy ta’qibchisi eronlik Parham Magsudluni mag‘lub etdi va muddatidan oldin chempionlikka erishdi.
“Prague International Chess Festival-2024" xalqaro turniridagi g‘alabasidan so‘ng Nodirbek Abdusattorov onlayn reytingda amaldagi jahon chempioni xitoylik Din Lijenni ortda qoldirib, dunyoning to‘rtinchi raqamli shaxmatchisiga aylandi.
Mazkur musobaqada g‘oliblikni tantana qilgan Nodirbek Abdusattorov Praga shahridagi “Turkiston” vatandoshlar jamiyatida ushbu mamlakatda mehnat qilayotgan, tahsil olayotgan yoshlar bilan suhbat o‘tkazdi. Ular bilan o‘z faoliyati, o‘tkazilajak o‘yinlari xususida fikrlashdi. Uchrashuv davomida chempionimiz hamyurtlarimizga mahorat darsi o‘tash bilan birga, ushbu darajaga erishish uchun yo‘riqnomalar ko‘rsatdi. Tashkilotning faol a’zolari so‘zga chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonning yangicha qiyofasi bunyod etilayotgani, bu, barcha jabhalarda, ayniqsa, yoshlar hayotida o‘z ifodasini topayotganini ta’kidladi.
Bevosita Praga musobaqalarining so‘nggi 9-tur o‘yinlarining qolgan juftliklardagi bahslarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Praggnanandhaa – David Navarra-0,5:0,5, Vinsent Keymer – Mateush Bartel – 0,5:0,5,, Parham Magsudlu – Dommaraju Gukesh – 0,5:0,5, Tayi Dai Van Nguyen – Vidit Santosh Gudjrati – 0,5:0,5 natijalari qayd etildi.
Bu, o‘z navbatida Abdusattorovdan keyingi o‘rinlar 5 ochkoli chexiyalik Tayi Dai Van Nguyen, eronlik Parham Magsudlu va hindistonlik Rameshbabu Praggnanandhaaga tegishli bo‘lishini ta’minladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA