Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri o‘zining 86-ijodiy mavsumini “Nodirabegim” nomli spektakl premerasi bilan yakunladi.
Turob To‘la asari asosida sahnalashtirilgan ushbu spektakl O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev hamda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri direktori Azim Mullaxonov g‘oyasi muallifligida o‘ziga xos talqin etilgani ahamiyatga molik.

Ma’lumki, Mohlaroyim — Nodira XIX asrning birinchi yarmida yashab, ijod etgan mashhur shoira, davlat arbobi, madaniyat va adabiyot homiysi edi.
Filologiya fanlari doktori M.Qodirovaga ko‘ra, shoira 1792 yili Andijon hokimi Rahmonqulibiy oilasida tavallud topdi. Uning onasi Oyshabegim ma’rifatli ayol bo‘lgan. O‘zining oilaviy silsilasiga ko‘ra Bobur nasliga mansub bo‘lib, shoiraning ota-onasi ham davrning e’tiborli kishilari edilar. Mohlaroyimning ta’lim-tarbiyasi shu muhitda kamolotga yetdi va u tahsil yillarida xalqimizning tarixi, madaniyati, ilm va adabiyoti ravnaqidan yaxshigina xabardor bo‘lib o‘sdi. Mohlaroyim she’riyatga juda erta havas qo‘ydi. Ustoz Navoiy, Jomiy va Bedil kabi allomalarning asarlariga bo‘lgan e’tiqod shoiraning ma’naviy-ijodiy kamolotida g‘oyat katta ahamiyat kasb etdi.

Spektaklda Nodirabegimning davlat va mamlakat ishlarini adolatli, tadbirli boshqargani, san’at, adabiyot, madaniyatning faol homiysiga aylangani, el-yurt mehrini qozongan yurtparvar shaxs ekani juda yorqin voqealar yordamida ochib berilgan.
Ayni paytda xonliklar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar, adovat, noahilliklar, xiyonat va jaholat Nodirabegimdek ulug‘ shoira, davlat va jamoat arbobining oilasi, farzandlari va uning hayotiga ham rahna solgani spektaklda juda yorqin tarzda aks ettirilgan.
Ushbu sahna asari rejissyorlar Doston Haqberdiyev hamda Rashid Usnatov tomonidan sahnalashtirilgan. Sahnalashtiruvchi rassom – Dilmurod Mo‘minov. Dirijyor – Akmal To‘rayev.
Spektaklda bosh qahramon Nodira siymosini Musallam Dadajonova gavdalantirgan. Uvaysiy rolini taniqli san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Mehri Bekjonova, Muhammad Alixon rolini Ravshan Ibrohimov, Nasrulloxon rolini Hasanboy Ibrohimov, Umarxon rolini Razzoq Qodirov, Haqquli rolini Habibullo Ortiqov ijro etgan. Shu bilan birga, teatrning bir qator aktyorlarining betakror ijrolari spektaklning muvaffaqiyatini ta’minlagan.
O‘tkir dramatik ruhdagi mazkur spektakl teatr muxlislariga manzur bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri