Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nodir Hamid Hamad Ali Al-Abriy: O‘zbekistonning investitsiya imkoniyati cheksiz
23:42 / 2024-12-25

O‘zAning “Xalqaro minbar” loyihasida O‘mon Sultonligi Savdo-sanoat palatasi Janubiy Ash-Sharqiya muhofazasi boshqarmasi a’zosi, neft va gaz sektori rahbari Nodir Hamid Hamad Ali Al-Abriy O‘zbekistonga tashrifidan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi.

Darvoqe, ushbu mutaxassis yurtimizda bo‘lib turgan kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimida ham qatnashdi.

– O‘zbekiston investorlarni izchil qo‘llab-quvvatlaydigan davlatligiga guvoh bo‘lyapman. Bu yurtda davlat rahbari boshchiligida hukumatning barcha vakillari tadbirkorlar, sarmoyadorlarga yaqindan ko‘mak berib kelmoqda. Mamlakatda biznes qilish uchun yetarli salohiyat bilan birga zarur sharoit, soliq imtiyozlari, tashkiliy tomondan turli yengilliklar yaratilgani e’tiborimni tortdi.

Respublikaning strategik joylashuvi, boy tabiiy resurslari istiqbolli sarmoyaviy imkoniyat o‘laroq, qishloq xo‘jaligi, texnologiya, infratuzilma, turizm kabi ko‘plab ustuvor sohalarga sarmoya kiritish uchun keng yo‘l ochgan. Hukumat o‘monlik investorlarga ham soliq tizimi va sarmoyani himoya qilish bilan bog‘liq boshqa imtiyozlarni taqdim etmoqda. Zero, iqtisodiyotni liberallashtirish, xorijiy kompaniyalarga nisbatan cheklovni kamaytirish, byurokratik tartibni soddalashtirish investor uchun juda muhim.

Ma’lumki, O‘zbekiston paxtasi, meva-sabzavoti bilan mashhur. Keyingi yillarda mamlakatda qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, sohani sanoatlashtirishga jiddiy e’tibor qaratilishi tufayli xorijiy sarmoyadorlar uchun imkoniyat tobora kengaymoqda.

Masalan, Samarqand, Buxoro kabi sayyohlar diqqatini tortadigan shaharlarda mehmonxonalar, turizm faoliyati va infratuzilmani rivojlantirishga sarmoya kiritish foydali. Shuningdek, meni energetika, texnologiya, neft-gaz sohalari hamda tog‘-kon sanoatida dasturiy ta’minot va ilovalar rivojlanayotgani qiziqtirib qoldi.

Xullas, O‘mon tomoni mintaqada mahalliy kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ko‘plab imkoniyatlar ko‘rayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Aytgancha, fursatdan foydalanib, turli yo‘nalishlardagi aloqalarni rivojlantirish yo‘lida bor imkoniyatlarini ishga solayotgan har ikki davlatdagi elchixonalarda faoliyat ko‘rsatayotgan birodarlarimizga hamda Eksport va import uyushmasiga samimiy minnatdorlik bildiramiz.

Umuman, O‘zbekiston nafaqat bizning mamlakatimiz investorlari uchun, balki butun dunyo sarmoyadorlari uchun ulkan investitsiyaviy imkoniyat taqdim etishga qodirligi bilan bizda iliq taassurot qoldirdi.

Muharrama Pirmatova yozib oldi. O‘zA