Raqobat qo‘mitasi tomonidan nodavlat ta’lim xizmatlari sohasida iste’molchi murojaatlari bo‘yicha tizimli monitoring va tahlil ishlari olib borilmoqda. Aholidan kelib tushayotgan e’tirozlar doimiy nazoratga olinib, murojaatlar o‘rganilmoqda.
Tahlil natijasiga ko‘ra, 2024-2025 yillar davomida nodavlat ta’lim xizmatlari bo‘yicha 1 200 ga yaqin murojaat qabul qilingan.
Ularning asosiy qismi “NEWTON ACADEMY”, “NewTone school”, “MyTeacher” onlayn ingliz tili kursi, “Prep.uz” onlayn rus tili kursi, “Badavlat ayol” loyihasi, “Qadam Education” o‘quv markazi, “Lerna”, “Skillbox”, “Geekbrains”, “Interno Edu” MCHJ, “Englify” MCHJ, “Niyat Education”, “Sevenedu” onlayn til markazi kabi o‘quv markazlari va onlayn ta’lim platformalari faoliyatiga taalluqli ekani aniqlangan.
Murojaatlar tahliliga ko‘ra, qator nodavlat ta’lim xizmatlarida ta’lim sifati qoniqarsizligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirilishi, shartnoma shartlari va pulni qaytarish tartibi bo‘yicha yetarli ma’lumot berilmasligi kabi holatlar kuzatilmoqda.
Shuningdek, “Uzum Nasiya”, "Shaffof moliya”, “Paylater” va boshqa muddatli to‘lov platformalari orqali tuzilgan shartnomalarni bekor qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani, reklamada berilgan va’dalar amalda bajarilmayotgani haqida ham e’tirozlar bildirilgan.
Qo‘mita yuqoridagi kabi ta’lim markazlarini qonunchilikka, litsenziya talablariga, shu jumladan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etishga chaqirgan holda har qanday huquqbuzarlik uchun javobgarlik nazarda tutilganligini eslatib o‘tadi. Nodavlat ta’lim xizmatlaridan foydalanishda xizmat ko‘rsatuvchining faoliyati, litsenziyasi va ruxsatnomalarini oldindan tekshirish, shartnoma shartlari, ayniqsa, to‘lov va pulni qaytarish tartibini diqqat bilan o‘rganish zarurligini ta’kidlaydi.
Shuningdek, shartnoma imzolash (onlayn tasdiqlashga)ga va to‘lovni amalga oshirishga aslo shoshilmaslikka, internetda faol reklama qilayotgan, sinovdan o‘tmagan xizmat ko‘rsatuvchilarning va’dalariga ishonib qolmaslikka chaqiradi.
Nigora Rahmonova, O‘zA