Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nodavlat notijorat tashkilotlarining saylovlardagi ishtiroki qanday bo‘ladi?
15:35 / 2024-09-18

Andijonda “Yangi O‘zbekistondagi saylovlar – demokratik jarayonlar ko‘zgusi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘limi hamda Andijon viloyati bo‘yicha saylov jarayonlarida targ‘ibot-tashviqot ishlari va jamoatchilik monitoringini amalga oshirish bo‘yicha guruh hamkorligida tashkil etilgan seminarda viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar vakillari ishtirok etdi. 

Seminarda saylovlarga tayyorgarlik jarayonlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining saylovlardagi ishtiroki, jamoatchilik monitoringini tashkil etish masalalari, shuningdek, saylov jarayonida imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun yaratiladigan shart-sharoitlar xususida so‘z yuritildi. Yangicha saylov jarayonlari, majoritar-proporsional tizim mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida ma’lumotlar berildi. 

Seminarda Andijon viloyati bo‘yicha saylov jarayonlarida targ‘ibot-tashviqot ishlari va jamoatchilik monitoringini amalga oshirish bo‘yicha guruh a’zosi, “Mehrimiz Sizga” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi direktori Xolidaxon Mirzarahimovaning “Yangi O‘zbekistondagi saylovlar – demokratik jarayonlar ko‘zgusi”, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari o‘rinbosari Adhamjon Uzoqjonovning “Saylov tizimlarini demokratlashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari”, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘limi rahbari Sherzodbek Valiyevning “Nodavlat notijorat tashkilotlarining saylovlardagi ishtiroki”, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Andijon viloyat bo‘limi rahbari Oybek Abdurahmonovning “Saylovlar jarayonida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yaratiladigan sharoitlarning muhim jihatlari” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi. 

– Joriy yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlar yurtimizda demokratik prinsiplarning qaror topishi va jamiyatimiz rivojida muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Xolidaxon Mirzarahimova. – Shu bois, o‘tadigan saylovlarga nodavlat notijorat tashkilotlari befarq emas. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida saylov bilan bog‘liq barcha jarayonlar tartibi belgilab berilgan. Ana shundan kelib chiqib, nodavlat notijorat tashkilotlari saylovlarning adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash bo‘yicha belgilangan tartiblar asosida jamoatchilik monitoringini olib boradi. 

Seminarda saylov uchastkalarida imkoniyati cheklangan fuqarolarga yaratiladigan shart-sharoitlar, ularning ovoz berish jarayonida qatnashishi bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi. 

Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar, saylov uchastkalarida nogironlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. 

Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi. 

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari