Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nodavlat notijorat tashkilotlarining Milliy forumi o‘tkazildi
18:39 / 2023-10-25

Poytaxtimizda “Inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashda nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat organlarining hamkorligi” mavzuida nodavlat notijorat tashkilotlarining Milliy forumi tashkil etildi.

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assatsiatsiyasi (O‘zNNTMA) va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor davlat organlari va NNTlar hamkorligida tashkil etilgan forumda milliy va xorijiy ekspertlar, sohaga aloqador vazirlik va idoralar hamda hududlardagi O‘zNNTMA bo‘linmalari xodimlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlash kerak, 2022 yilda ilk marotaba inson huquqlari sohasida qabul qilingan hujjatlar va ularning ijrosi, eng asosiysi, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari uchun soha doirasida fikr almashadigan konstruktiv muloqot maydonini yaratish maqsadida ayni mavzuda nodavlat notijorat tashkilotlarining Milliy forumi o‘tkazildi. Unda ko‘tarilgan mavzular dolzarbligi, mamlakat rivoji yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishi, ushbu forumni har yili an’anaviy tarzda o‘tkazish uchun o‘ziga xos zamin yaratdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi hamda 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi ijrosini ta’minlash hamda NNTlarning inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyatini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalarini muhokama qilish, ular bo‘yicha mamlakatimiz fuqarolariga xizmat qiladigan taklif va qarorlar qabul qilish uchun soha vakillari yana jam bo‘ldi.

Forumda ta’kidlanishicha, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilindi. Shuningdek, 2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur tasdiqlandi. Uning mantiqiy davomi sifatida davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan istiqbolli xotin-qizlarning yagona elektron bazasi yaratilib, unda 25 mingdan ziyod rahbarlikka nomzod xotin-qizlarning zaxira ro‘yxati shakllantirildi. Qolaversa, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashish Milliy dasturi tasdiqlandi. Eng asosiy yutuq – mamlakatda bolalar mehnatiga batamom barham berildi.

[gallery-14216]

Natijada, 2021-2022 yillarda qonun ustuvorligi, norma ijodkorligi sifati, hukumat faoliyati samaradorligi, so‘z va axborot erkinligi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash, biznesni olib borish shart-sharoitlari kabi reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha muayyan yutuqlarga erishildi. Jami 24 ta reytingning 15 tasida O‘zbekistonning o‘rni yaxshilandi, 3 ta reytingda davlatimiz ilk marotaba e’tirof etildi.

Qayd etilishicha, joriy yilda “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarning, ayniqsa, inson huquqlarini yanada mustahkamlash borasida mamlakatda olib borilayotgan siyosatning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Majlisda so‘z olganlar inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashda davlat organlari hamda NNTlarning o‘zaro hamkorligida erishilgan natijalar va rivojlanish istiqbollari hamda NNTlarning sohaga oid tashabbuslari va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalarida ma’ruzalar qilib, o‘zaro fikr-mulohazalar almashdi.

Forumda ko‘tarilgan masalalar muhokamasi ikki sho‘’bada davom etdi. Unda o‘nga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlari vakillarining sohaga oid nutqlari tinglandi.

Xulosa va takliflar jamlanib, Milliy forumning yakuniy natijasi bo‘yicha hujjat qabul qilindi.

Kamola Yusupova, Murodxon Xo‘jayev (surat), O‘zA