Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga aralashganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda
17:37 / 2025-03-18

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan nodavlat notijorat tashkilotlarining Konstitutsiya va qonunchilikda belgilangan faoliyat erkinligi kafolatlarini yanada mustahkamlash nazarda tutilmoqda.

Yangi O‘zbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida keng ko‘lamli va shiddatli islohotlar amalga oshirilmoqda.

2017–2024 yillarda fuqarolik jamiyati institutlarini bevosita qo‘llab-quvvatlash va samaradorligini oshirishga qaratilgan 64 ta  normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zarur huquqiy va institutsional baza yaratildi.

Bu borada Prezidentimiz: “Fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi",  – deb alohida e’tirof etdilar.

Hozirda nodavlat notijorat tashkilotlarining Konstitutsiya va qonunchilikda belgilangan faoliyat erkinligi kafolatlarini yanada mustahkamlash maqsadida ularning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun davlat organlarining mansabdor shaxslariga ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, NNTlar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida mazkur sohadagi ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorlari sezilarli darajada kamaytirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ishlab chiqilgan va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishini va jamoatchilik nazorati sub’ektlari tomonidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish natijalari bo‘yicha bayonnoma, xulosa, ma’lumotnoma shaklida yoxud qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shaklda tayyorlangan yakuniy hujjatni belgilangan muddatda ko‘rib chiqmaslik mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishini belgilovchi yangi moddalar kiritilmoqda.

Shu jumladan, Kodeksning 239-moddasida belgilangan NNTlarning davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat yuritishi, moliyaviy hisobotlarni taqdim etmaslik yoki qonuniy cheklovlarni buzish kabi huquqbuzarliklarga nisbatan qo‘llaniladigan jarimalar miqdori sezilarli darajada kamaytirilmoqda.

 Nodavlat notijorat tashkilotlari O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining ajralmas qismi hisoblanib, davlat tomonidan ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan huquqiy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirililishi NNTlar faoliyatining huquqiy asosini yaxshilashga hamda ularning barqaror ishlashiga xizmat qiladi.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi ta’sirchan jamoatchilik nazoratining vujudga kelishini ta’minlash bilan birga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlardan nodavlat notijorat tashkilotlari ham chetda qolmayotganining yorqin isboti bo‘ladi.

Otabek Xusanov, 

Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati 

institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi direktori