Fuqarolik jamiyatining eng asosiy instituti hisoblanadigan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatidagi ijobiy o‘zgarishlar ham so‘nggi yillarda sohaning tubdan takomillashtirilganidan dalolat bermoqda.
Yil boshida ayni yo‘nalishda nimalar reja qilingan edi va ularga qay darajada erishildi? Shu kabi savollar yuzasidan Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayevaning fikrlariga qiziqdik.
–Albatta, har bir yil o‘ziga xos tarzda yaxshi yangiliklar bilan esda qolarli o‘tmoqda. Amalga oshirilgan loyihalarimiz va qilgan talaygina ishlarimiz jamoamiz va fuqarolarimiz xotirasida qoladi, deb umid qilaman, – deydi S.Xo‘jayeva. – Ma’lumki, so‘nggi yillarda fuqarolik jamiyatining eng asosiy instituti hisoblanadigan nodavlat notijorat tashkilotlari – NNTlar soni 10 mingdan oshdi. Adliya vazirligi raqamlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, NNTlar mamlakatga 2022-2024 yillarda xorijiy donorlardan 174,4 million AQSH dollari jalb qilib, sarmoya kiritgan.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yaqin va o‘rta muddatli istiqbollarini belgilab olish maqsadida 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlangan edi. Unda belgilangan huquqiy asoslarni takomillashtirishning mantiqiy davomi sifatida Konstitutsiyaning butun bir bobi fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlandi. Jumladan, Konstitutsiyaga ilk bor fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritildi va “Fuqarolik jamiyati institutlari” deb nomlandi.
Uning 69-moddasida “Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, jamoat birlashmalari va boshqa NNT, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi” deb mustahkamlab qo‘yildi. Huquqiy islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Fuqarolik jamiyati institutlari uchun bu yilning muhim voqeasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi farmoni bo‘ldi, desak adashmaymiz. Farmonga ko‘ra, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Parlament huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini va uning hududiy bo‘linmalarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etilib, bu orqali ijtimoiy loyihalarning maqsadli yo‘lga qo‘yilishi, byurokratiyaga barham berilishi ta’minlanadi. Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda uning hududlarda bo‘linmalari tashkil etiladi. Endi fondni boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasiga navbatma-navbat Senat va Qonunchilik palatasi vakillari raislik qilib boradi. Bu esa Fondni boshqarish samaradorligini oshiradi.
Farmonga kura, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar a’zolariga beriladigan pul mablag‘lari tarzidagi homiylik xayriyalarining soliq solinmaydigan miqdori 15 million so‘mdan BHMning 100 baravarigacha (34 million so‘mgacha) oshiriladi. Nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarini tuzishni yanada yengillashtirish uchun 2025 yil 1 yanvardan boshlab shunday tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji ikki baravarga kamaytirildi. Shuningdek, farmon bilan fuqarolik jamiyati institutlariga rag‘batlantirish va qulayliklar belgilandi. Eng muhimi, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtiroki uchun yangi imkoniyatlar ochildi.
– Sohada yil boshida nimalar reja qilingan edi va ularga qay darajada erishildi?
– Ma’lumki, O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini 2021 yilda ratifikatsiya qilgan. Unga ko‘ra, ijtimoiy masalalarni hal qilishdan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyat va davlat hayotiga jalb etish, ularning ijtimoiy-siyosiy hayotda ishtirok etishini har tomonlama rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan. Bizning institut ham boshqa NNTlar qatori aynan shu qatlam bilan ishlashni rejalashtirgan edi.
Shu yil 27 oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarga tayyorgarlik doirasida biz nogironligi bor shaxslarni saylovlarga tayyorlashni o‘z zimmamizga oldik. Chunki, tahlillar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tarkibida va qo‘yi bo‘g‘inlarning viloyat, shahar va tuman Kengashlarida bitta ham nogironligi bor deputat bo‘lmagan. Shuning uchun institutimiz O‘zbekiston nogironlar jamiyati bilan memorandum tuzib, Ombudsman idorasi, siyosiy partiyalar bilan hamkorlikda viloyatlarda 210 nogironligi bor shaxs uchun huquqiy va siyosiy madaniyatni oshirishga oid treninglar o‘tkazdi. Saylovlarda salkam 30 ming nomzoddan, ilk bor 616 nafar nomzod nogironligi bor shaxslar edi. Shulardan 138 tasi viloyat, shahar va tuman Kengashi deputati bo‘lib saylandi, 3 kishi – Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga deputat bo‘ldi.
Shu yilning o‘zida ekologik loyihani ham amalga oshirdik. Notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining moliyaviy yordami bilan institut “Mahalliy hokimliklar va mahalla rahbarlari tomonidan jamoatchilik ekologik nazorati tizimini takomillashtirish“ nomli loyihani amalga oshirdi. Toshkent shahar va Toshkent viloyati mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ekologik nazoratni bajarish usullari bilan tanishtirildi va «Ekonazorat» nomli qo‘llanma ishlab chiqildi. Shuningdek, institut mamlakatdagi barcha siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etib, aholining va ma’lum bir maqsadli guruhlarning huquqiy bilimlarini oshirishga yordam berdi.
– 2025 yilga qanday maqsadlar bilan harakat qilmoqdasiz?
– Institutning asosiy vazifasi aholining huquqiy madaniyatini oshirishdan iborat bo‘lganligi sababli, nogironligi bor shaxslar hamda yoshlar va ayollarning huquqiy-siyosiy bilimlarini oshirish borasidagi ishlarimizni davom ettiramiz. Shu bilan birga, mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda aholi bilan ishlash, ongi va tafakkurini mutlaqo yangi, zamon taraqqiyoti darajasida o‘stirish, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lish, islohotlar rivojiga hissa qo‘shish ishtiyoqini kuchaytirish borasida izlanishlar olib borishimiz joiz.
– Sohada malakali mutaxassislar ulushi qanday?
– Ko‘plab xalqaro ekspertlar doimo bizga bitta savol bilan murojaat qilishadi: nega O‘zbekistonda NNT rahbarlari orasida yoshlar kam? Bunga asosiy sabablardan – NNTda rahbar bo‘lish jozibador emasligi, moliyaviy barqarorsizligi, tajribaning yo‘qligi, ayrimlarning NNTlar faoliyatiga “chap” ko‘z bilan karashlari. Shuning uchun ham NNTlar tajribali kadrlarga doimiy muhtoj. Masalan, chet elda nodavlat sektorda faoliyat yuritishni ko‘pchilik taniqli siyosat arboblari o‘zi uchun sharaf deb biladi. Masalan, GFR eks-konsleri Angela Merkel, AQSHning eks-birinchi xonimi Mishel Obama, Uells shahzodasi va hokazolar mahalliy NNTlar faoliyatlarida juda faollar.
– Bu yil amalga oshirilgan qaysi vazifalarni alohida e’tirof etasiz?
– So‘nggi ikki yil ichida Yevroittifoq yordamida “Sobiq mahkumlarni resotsializatsiya qilish masalalarida fuqarolik jamiyati institutlari va davlat idoralarining o‘zaro hamkorligi” loyihasini amalga oshirdik. Loyihani amalga oshirish jarayonida idoralararo ishchi guruh tuzib, uning tarkibiga Ombudsman, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Bosh prokuratura, Toshkent viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlarni qo‘shdik. Loyiha doirasida qamoqxona xodimlari uchun inson huquqlari monitoringi bo‘yicha treninglar o‘tkazildi, mahbuslarga nisbatan minimal standartlarni belgilaydigan tartib va normalar bilan chuqur tanishishni ta’minladik. Jazoni o‘tagan fuqarolarni ijtimoiy moslashtirish markazlarining faoliyati, qayta ijtimoiylashtirishdagi roli va sobiq mahkumlarni ijtimoiy moslashtirishda mahalla institutining roli ham o‘rganildi. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Probatsiya xizmati bilan memorandum imzolandi va mahbuslar orasida huquqiy madaniyatni oshirish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilindi. Kelgusi yilda ham bu ishlarni davom ettirish zarur, deb o‘ylayman va harakatdan to‘xtamaymiz.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV suhbatlashdi.