Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nodavlat notijorat tashkilotlari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda
12:55 / 2021-12-11

Navoiy shahridagi “Do‘stlik va NNTlar uyi”da “Islohotlar jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ijtimoiy sheriklikni amalga oshirishdagi muammo hamda yechimlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi raisi Adham Shodmonov, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi, Parlament komissiyasi a’zosi Jahongir Sarimsoqov, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi direktori Otabek Husanov yurtimizda nodavlat-notijorat tashkilotlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtaldi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 martdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda 4 martdagi “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonining mazmun mohiyati to‘g‘risida so‘z bordi.

Ta’kidlanganidek, xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga 2021 yilda qariyb bir milliard so‘m atrofida mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘ grant mablag‘i olish uchun ariza topshirgan nodavlat notijorat tashkilotlari orasidan tanlab olingan 31 ta nodavlat notijorat tashkilotga ajratildi. Shuningdek, joriy yilda “Fidoyi yoshlar teleklubi”ga 1 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ ijtimoiy buyurtmani amalga oshirish uchun yo‘naltirildi.

Prezidentimizning “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokchi va hamkor sifatida nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini yanada oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini mustahkamlash, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar ko‘lami belgilab berildi. 


Tadbirda Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan “Yoshlarni ma’naviy yetuk qilib tarbiyalashda hamda bandligini ta’minlashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish” mavzusida 3-grant tanlovi, “Jamiyatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va aholi sog‘ligini mustahkamlashda fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish” mavzusida 4-grant tanlovi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasi asosida fuqarolik jamiyati institutlarining ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot-tashviqot loyihalari bo‘yicha qo‘shimcha 5-grant tanlovi g‘oliblariga sertifikatlar topshirildi.

Qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgan tadbirda nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA