Bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan har bir islohot, loyiha “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan holda amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlari ham munosib ishtirok etmoqda. Jumladan, Navoiy viloyati “IMXO” xotin-qizlar markazi tomonidan “Inson salomatligi ulug‘ ne’mat” loyihasi ham shu maqsadga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Loyiha Navbahor tumanining Paxtakor, Chorvoqguzar mahallalari va Nurota tumanining Orasoy mahallasida amalga oshirildi.
Loyihasi doirasida Nurota tumani Orasoy mahallasida istiqomat qiluvchi 1-guruh nogironi Otabek Oltinovning yashash sharoiti yaxshilanib, uyi tomi shifer qilindi va 2 kVt li quyosh paneli o‘rnatib berildi.

Navbahor tumani Paxtakor mahallasida “Ayollar daftari”da turuvchi Feruza Po‘latovaning xonadonining pol va shift qismini ta’mirlash bo‘yicha mahalla mas’ullari va loyiha tashkilotchilari ishtirokida o‘rganildi. Natijada fuqaro uyining 2 ta xonasi ta’mirlanib, zamonaviy holatga keltirildi.
Chorvoqguzar mahallasida esa “Ayollar daftari”da turuvchi fuqaro Nazira Norbekovaning xonadoni ta’mirlanib, 2 kVt li quyosh paneli o‘rnatib berildi.

– Biz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan tanlovda ishtirok etib, g‘olib bo‘lgandik, – deydi markaz rahbari Yulduz Ergasheva. – Loyihamizda kam ta’minlangan, ko‘makka muhtoj fuqarolarga amaliy yordam berish rejalashtirilgan edi. Qisqa muddatda Nurota va Navbahor tumanlarida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaroning yashash sharoitlarini yaxshilashga hissa qo‘shganimizdan xursandmiz. Ushbu ta’mirlangan 3 ta xonadonda jami 17 nafar kishi istiqomat qiladi. Ularning xursandchiligini ko‘rib, loyihamiz samara berganidan biz ham quvondik. 2 ta xonadonga esa quyosh panelini o‘rnatib berdik. Bu esa xonadon egalari uchun qulaylik tug‘dirishi bilan birga endilikda o‘zlari sarflagan energiyadan ortganini davlatga sotishi ham mumkin. Ular energiyani davlatga sotib qo‘shimcha daromad olish uchun undan tejab foydalanadi. Bu oila byudjetiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Viloyatda bu kabi ezgu ishlar manzilli davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri