Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutiga jahon miqyosida tan olingan olim, Nobel mukofoti sohibi professor, doktor Rik Limans (Rik Leemans) tashrif buyurdi.
Professor Rik Limans – Niderlandiyaning Vageningen (Wageningen) universiteti va tadqiqot markazida faoliyat yurituvchi, atrof-muhit tizimlarini tahlil qilish bo‘yicha yetakchi mutaxassis hisoblanadi. U butun dunyo bo‘ylab ekologik barqarorlik va iqlim o‘zgarishi yo‘nalishida yirik ilmiy loyihalarni amalga oshirib, rivojlanayotgan davlatlarning yosh olimlarini tadqiqot ishlariga faol jalb etib keladi.

U Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi (IPCC – Intergovernmental Panel on Climate Change) mualliflaridan biri bo‘lib, ushbu guruh 2007 yilda Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Professor Limansning ilmiy faoliyati iqlim o‘zgarishini o‘rganish, ekotizimlarni muhofaza qilish va inson faoliyatining tabiatga ta’sirini baholash yo‘nalishlarida yuqori e’tirofga sazovor bo‘lgan.

Tashrif doirasida professor Rik Limansga Tsindao universiteti professori Baogal hamrohlik qildi. Mehmonlarni institut rektori professor Shuhrat Teshayev va boshqalar kutib oldi. Delegatsiya a’zolari institutning zamonaviy laboratoriya va ilmiy-innovatsion ob’ektlarini ko‘zdan kechirdi.
Professor Rik Limans tomonidan institut talabalari va tadqiqotchilariga iqlim o‘zgarishi hamda ekologik barqaror rivojlanish mavzusida ma’ruzalar o‘qilishi rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.