Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nobel mukofoti laureati talaba-yoshlarga ma’ruza qildi
14:25 / 2022-01-07

Poytaxtimizda talaba-yoshlar uchun nobel mukofoti laureati, Nagoya universiteti professori Hiroshi Amanoning onlayn ma’ruzasi bo‘lib o‘tdi.

Ma’ruza O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida Nagoya universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi  Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida  tashkil etildi.

–Professor Amanoning 14 yillik hayot tajribasi, o‘z sohasiga ilk qadami haqidagi hikoyalarni qamrab olgan  ma’ruzasi yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi bosh direktori Olimjon To‘ychiyev. – Professor xususan, Nobel mukofoti laureati bo‘lishiga sabab bo‘lgan izlanishi yuzasidan ham atroflicha ma’lumot berdi.  Amano suhbat davomida olib borgan izlanishlarida  bir yarim ming marta muvaffaqiyatsizlikka uchragani, ammo shunda ham izlanishlarda davom etganini aytdi. Bu esa yoshlarimizga ulkan motivatsiya bo‘ladi, deb hisoblayman.

Ma’ruzada, shuningdek,  bugungi kun uchun dolzarb va qiziqarli bo‘lgan masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, elektromobillar borasida ham so‘z yuritildi. Hiroshi Amano hozirda mavjud elektromobillardan bir necha marotaba samarali yangi avlod elektromobillar ustida ish olib borayotganini aytdi.

Tadbirda Nagoya universiteti prezidenti Seychi Matsuo o‘z nutqi bilan ishtirok etib, bu kabi ma’ruzalar kelgusida ko‘plab tashkil etilishi haqida aytib o‘tdi.

Onlayn tarzda tashkil etilgan tadbirda Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonov mavzuning dolzarbligi xususida ma’lumot berib, bu kabi hamkorliklar ikki davlat o‘rtasida istiqbolli loyihalarga poydevor bo‘lishini ta’kidladi.

Professor Hiroshi Amano ma’ruzasi yoshlar tomonidan zo‘r qiziqish bilan tinglandi. Tadbir so‘ngida mavzu yuzasidan atroflicha fikr mulohazalar bildirildi. Nobel mukofoti laureati yoshlarning ko‘plab savollariga javob berdi.

Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, Hiroshi Amano yorqin va energiya tejamkor yorug‘lik manbalaridan foydalanish imkonini beradigan samarali yorug‘lik chiqaradigan diodlarni ixtiro qilgani uchun 2014 yilda fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA