2025 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Venesuela siyosiy muxolifati yetakchilaridan biri Mariya Korina Machadoga nasib etdi. Bu haqda bugun tegishli qo‘mita ma’lum qildi.
Rais Yorgen Vatne Fridnes ta’kidlashicha, Machado “Venesuela xalqi demokratiya huquqini himoya qilish yo‘lida tinmay olib borgan faoliyati” uchun sovringa munosib topildi. Shu tariqa siyosatchining “diktaturadan demokratiyaga tinch yo‘l bilan o‘tishga qo‘shgan hissasi” alohida e’tirof etilgan.
– Demokratiya jiddiy xavf-xatarga qaramasdan, olg‘a yurish jasoratiga bog‘liq, – degan Norvegiya Nobel qo‘mitasi raisi.
Maduro hukumatiga qarshi kurash
Mariya Korina Machado so‘nggi yillarda Nikolas Maduro hukumatiga qarshi namoyishlardagi faolligi bilan tanildi. U 2024 yil prezident saylovida Maduroning g‘alabasi e’lon qilingan natijani inkor qilgan eng faol muxolif arboblardan biridir.
Machadoga saylovda qatnashish taqiqlangach, uning o‘rniga muxolif nomzod sifatida Edmundo Gonsales Urrutiya ko‘rsatildi. Keyinchalik siyosiy ta’qib tufayli Mariya yashirin faoliyat yuritishga majbur bo‘ldi.
Qo‘mita Korina Osloda 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan taqdirlash marosimida ishtirok etish-etmasligi haqida ma’lumot bermagan.
Joriy yilgi Nobel tinchlik mukofotiga jami 338 nomzod ko‘rsatilgan edi.
Avvalgi laureatlar
O‘tgan yil bu sovrin Yaponiyaning “Nihon Hidankyo” uyushmasi – Xirosima va Nagasaki atom bombardimoni qurbonlarini ifoda etuvchi tashkilotga berilgan.
2023 yil – Eronlik inson huquqi himoyachisi Nargis Mohammadiy.
2022 yil – Rossiya, Belarus va Ukraina faollari –“Memorial”, “Vesna” va “Fuqaro erkinligi” markazlari.
2021 yil – “Novaya gazeta” bosh muharriri Dmitriy Muratov va filippinlik jurnalist Mariya Resse. Ular demokratiya va so‘z erkinligi uchun kurashgan jurnalistlar nomi bilan tarixda qoldi.
Nobel mukofoti 1901 yildan boshlab beriladi. Dinamit ixtirochisi Alfred Nobel vasiyatiga ko‘ra ta’sis etilgan mazkur sovrin fiziologiya va tibbiyot, fizika, kimyo, adabiyot va tinchlik yo‘nalishlarida topshiriladi. 1969 yildan esa Shvetsiya Markaziy banki tashabbusi bilan iqtisodiyot bo‘yicha Nobel xotira mukofoti joriy etilgan.
Taqdirlash marosimi tinchlik yo‘nalishi bo‘yicha Osloda, qolgan yo‘nalishlardaesa Shvetsiya poytaxti Stokgolmda o‘tkaziladi.
Vasiyatga ko‘ra, tinchlik mukofoti “xalqlar o‘rtasidagi birdamlikni mustahkamlash, qurolli kuchlarni qisqartirish va tinchlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda ulkan yutuqlarga erishgan shaxslar”ga beriladi. 1901 yil ilk shunday sovringa Shveysariyadagi Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi asoschisi Anri Dyunan va fransuz siyosatchisi, “Tinchlik va erkinlik ligasi” tashkilotchisi Frederik Passi sazovor bo‘lgan.
Dilshod Hakimov, O‘zA