Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Noan’anaviy ekin — bamiya yetishtirish yo‘lga qo‘yildi
10:23 / 2025-08-06

Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi "Nurobod" mahallasida istiqomat qiluvchi Abduvoit Toshpo‘latov o‘z tomorqasida noan’anaviy ekin — bamiya yetishtirishni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ydi. U 7 sotix yerda bamiya, 2 sotix yerda esa hind anori ekib, yaxshi natijalarga erishgan.

–  Bamiya urug‘ini jiyanimiz Saudiya Arabistonidan olib kelib, ekishni tavsiya qildi, –  deydi Abduvoit Toshpo‘latovning turmush o‘rtog‘i Gulbahor Toshpo‘latova. –  Ilgari bu yerda kartoshka yoki chorva uchun ozuqa ekardik. Ko‘p daromad keltirmasa-da, ro‘zg‘orimizga yetar edi. Bu yil esa bamiya nafaqat go‘zal gullari bilan ko‘zni quvnatmoqda, balki mevasi orqali xonadonimizga daromad ham keltirmoqda.

Zulayho Toshpo‘latovaning aytishicha, hozircha Sayxunobodda bamiyaning xaridori ko‘p emas, ammo Toshkentda unga talab katta. Qisqa muddat ichida bamiyadan 20 million so‘m, hind anoridan esa taxminan 15 million so‘m daromad olishga muvaffaq bo‘lishgan.

–  Bamiya shunchaki o‘simlikdek tuyulishi mumkin, lekin uning guli, mevasi va urug‘ida juda ko‘p foyda bor. Uni taom sifatida iste’mol qilish ham juda mazali, –  deydi u. –  Jiyanim uning vatani Osiyo, Afrika va Janubiy Yevropa ekanligini aytgan edi.

Bamiya tashqi ko‘rinishdan g‘o‘zaga o‘xshaydi. Uning mevasida uglevodlar, oqsillar, temir, kalsiy, vitamin S, magniy, riboflavin, niatsin kabi moddalar mavjud. U nafaqat sabzavot sifatida, balki sanoatda ham keng qo‘llaniladi. Quritilgan urug‘idan qahva o‘rnida foydalanish mumkin. Shuningdek, gul va mevalaridan bioabsorbentlar hamda qog‘oz sanoati uchun xomashyo olish mumkin.

Abduvoit Toshpo‘latov bamiya mevalarining sog‘liq uchun foydali jihatlarini alohida ta’kidladi:

–  U oshqozon-ichak kasalliklari, qon bosimini me’yorlashtirish, gipertoniya, asab tizimini mustahkamlash, qondagi qand miqdorini pasaytirish, bepushtlik, gemorroy, oshqozon yaralari, yurak-qon tomir tomir tizimi, astma, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i va saraton kasalliklariga qarshi kurashda foydali. Shuningdek, ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi va ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga yordam beradi.

E’tiborli tomoni, xonadon sohibasi Zulayho Toshpo‘latova bir necha yillardan beri qandli diabetdan aziyat chekar edi. Uning aytishicha, bamiyani muntazam iste’mol qilish salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

Mahalla raisi Farhod Ergashevning ta’kidlashicha, Abduvoit aka va Zulayho opa nafaqat mehnatsevar, balki mahallada "Faol tomorqachi oila" sifatida namuna hamdir.

–  Ular faqat o‘z ro‘zg‘orini ta’minlash emas, balki bamiyani mahalliy aholiga tanitish, keng targ‘ib etish niyatida harakat qilishmoqda, –  deydi Farhod Ergashev. –  Bugun bamiyani ekishga qiziquvchilar soni oshib bormoqda.

"Nurobod" mahallasida 911 ta xonadonda 5152 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallada asosiy iqtisodiy faoliyat dehqonchilik, chorvachilik va parrandachilikdan iborat. Yil boshida 163 ta oila kambag‘allar ro‘yxatida bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib ular soni 109 nafarga kamaydi. Bunga aholining tadbirkorlikka qiziqishi va bamiya kabi noan’anaviy ekinlar yetishtirishga o‘tgani sabab bo‘lmoqda.

–  Abduvoit Toshpo‘latov xonadonida bamiya yetishtirilayotgani singari, boshqa oilalar ham turli ekinlar, chorvachilik, asalarichilik yo‘nalishlarida imtiyozli kreditlar yordamida ish boshlashmoqda. Maqsadimiz — yil oxiriga qadar kambag‘allik ro‘yxatidan yana ko‘proq oilani chiqarish, –  deydi mahalla raisi.

Abduvoit aka va Zulayho opaning rejalari katta.

–  Bu yil 7 sotix yerda bamiya yetishtirdik. Kelgusi yili 1 gektarcha yer olib, unda bamiya, hind anori va boshqa noan’anaviy ekinlar yetishtirib, ichki bozorga chiqishni niyat qildik, –  deydi ular.

Yana bir diqqatga sazovor jihat — dastlab bamiya va hind anorining har bir kilosi 60–70 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, hozirda iste’molchilarga 20–25 ming so‘mdan yetkazib berilmoqda.  

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri